Mamlakatda investitsiyalarni faol jalb etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirishning yaxlit tizimini yaratish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirishda hududiy va Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarining o‘rni beqiyos.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda uning tizimidagi Raqamli transformatsiya markazi tomonidan har yili respublikaning barcha hududlarida kooperatsiya sanoat yarmarkalari o‘tkazib kelinadi.
Ayni damda Sirdaryo viloyatida Kimyo sanoati, charm-poyabzal, to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik va farmatsevtika sohalariga ixtisoslashgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.

“Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasida “Rekomed pharm”, “Sarbon teks”, “Baxteks-pharm”, “Dentals pharma”, “Rivermed pharm”, “Cetgut-silk” kabi farmatsevtika kompaniyalari vakillari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Yarmarka davomida Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, vazirlik va idoralar mutasaddilari Farmatsevtika mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdi.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkalari yirik, o‘rta va kichik biznes vakillariga ko‘rgazma maydonlarida o‘z mahsulotlarini namoyish etish, hamkorlarni topish, B2B va B2G formatidagi uchrashuvlarni o‘tkazish, shuningdek, new.cooperation.uz elektron kooperatsiya portali orqali shartnomalarni tuzish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA