Toshkent viloyat sudida ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida 2025 yil yakunlariga doir brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat sudining fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atlari hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) hamda tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan o‘tgan yil davomida odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha hisobot davrida viloyat va tumanlararo sudlari tomonidan jami 200 ming 780 ta ish ko‘rilgan. Shundan 52 ming 291 ta fuqarolik ishlari hamda 12 ming 556 ta materiallar ko‘rib tamomlangan. Ko‘rib tamomlangan jami 52 ming 291 ta fuqarolik ishlarining 45 ming 905 tasi bo‘yicha hal qiluv qarorlari qabul qilingan bo‘lsa, 489 tasi bo‘yicha ish yurituvdan tugatilgan, 5 ming 897 tasi bo‘yicha da’vo arizalari ko‘rmasdan qoldirilgan.

2025 yil davomida viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati birinchi instansiyasi va viloyatning tumanlararo iqtisodiy sudlariga jami 76 ming 417 ta da’vo arizalar kelib tushgan bo‘lib, bularning 1 ming 124 tasi qaytarilgan yoki ish yuritishga qabul qilish rad etilgan. Shu bilan birga, 71 ming 934 tasi ish yuritishga qabul qilingan, 205 tasi tegishliligi bo‘yicha boshqa sudga yuborilgan.
Brifingda shuningdek, viloyat ma’muriy sudi tomonidan 2025 yil odil sudlovni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida ham ma’lumot berildi.
A.Musayev, O‘zA.