Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududiy seminar va yarmarka o‘rmonchilarda chuqur taassurot qoldirdi (+video)
19:22 / 2023-09-16

Jizzax shahrida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tashabbusi bilan hududiy seminar va O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etishga oid ko‘rgazma- yarmarka bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vazirlikning Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo hamda Jizzax viloyatlari boshqarmalari, o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilari dastlab Jizzax viloyat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Jizzax shaharining 16 gektarlik uchastkasida O‘zbekiston va xorijiy davlatlaridan olib kelingan turli daraxt urug‘lari va ko‘chatlarini iqlimlashtirish, parvarishlash, ko‘chatlarni yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.  

Jizzax viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida o‘rmon xo‘jaliklarida ko‘chatchilik, urug‘chilik, onalik plantatsiyalarining dolzarbligi” mavzusidagi ushbu yarmarka va hududiy seminarda ko‘chatlar zaxirasini yaratish maqsadida har bir hududda pitomnik, ya’ni ko‘chatxonalar tashkil etilayotgani alohida ta’kidlandi.

Jumladan, joriy yilning bahorgi mavsumida viloyat bo‘yicha o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan jami 78 gektar maydonda, shundan Jizzax va Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaliklarining har birida 16 gektardan, Zomin davlat o‘rmon xo‘jaligida 17 gektar, Xo‘jamushkent davlat o‘rmon xo‘jaligida 7 gektar, Forish va G‘allaorol davlat o‘rmon xo‘jaliklarida 5 gektardan va qolgan tumanlarda jami 12 gektar maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil etildi.

Shuningdek, viloyatdagi o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekuvchilarga ko‘chatlarni ekish va parvarishlash yuzasidan muntazam ravishda atroflicha tavsiya va ko‘rsatmalar berib borilmoqda.

Seminarda joylarda o‘rmon xo‘jaliklari xodimlari va fermerlarga qishloq xo‘jaligi yerlarida ihotazorlar barpo qilish sxemasi, ko‘chatni ekish, parvarishlash, qo‘riqlash, saqlash usullari va ihotazorlarning qishloq xo‘jaligi hosildorligini oshirishdagi ahamiyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar berilib, targ‘ibot ishlari olib borildi.

Tadbir ishtirokchilari hududlarda  barpo etilgan ihotazorlar, daraxtzorlar bilan joyiga chiqib tanishtirildi. Soha vakillari ishtirokida daraxt va buta ko‘chatlarini yetishtirish, shifobaxsh o‘simliklarni o‘stirish va ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va onalik plantatsiyalari o‘rganildi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik bog‘ida tashkil etilgan  O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etishga oid ko‘rgazma- yarmarkani katta e’tibor bilan tomosha qildi.

Mazkur yarmarkani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar, ya’ni patentlar, innovatsion  texnologiyalarni jadal usullarda yetishtirilgan daraxt-buta ko‘chatlarini ishlab chiqaruvchi korxona va fermer xo‘jaliklariga shartnoma asosida tijoratlashtirish hamda marketinggini yo‘lga qo‘yishdir. Ushbu yarmarkada ilmiy-tadqiqot institutida so‘nggi 5 yil davomida ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalar, jumladan, yangi pista navlari va resurstejamkor ko‘chat ekish o‘rmon agregat mashinalariga olingan patentlar, innovatsion usulda ekilgan noyob va qimmatli daraxt-buta ko‘chatlari, urug‘lari, dorivor o‘simliklar, duragay terak navlari va boshqa shu kabi ishlar namoyish etildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/PMTFlIhuTGI" title="Hududiy seminar va yarmarka o‘rmonchilarda chuqur taassurot qoldirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Yarmarka doirasida viloyatda ko‘chatchilik, yong‘oq, pista, bodom plantatsiyalari hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar – fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish korxonalari uchun yaratilgan ilmiy ishlanmalarning afzalliklari, ustunliklari, ularning iqtisodiy samaradorliklari  atroflicha tushuntirildi.

– Bugungi tadbirimizga aynan Jizzax viloyatining tanlanganligiga sabab, bu yerda to‘rtta: tog‘, cho‘l, voha va vodiy hududlarining iqlimi mujassamligidir, – deydi biz bilan suhbatda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov. – Prezidentimizning joriy yil 31 maydagi “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (GreenUniversity) faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining tegishli bandlariga asosan O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida ishlab chiqilgan ilmiy ishlanmalarni joylarda tijoratlashtirish va joriy etilish ishlarini shartnoma asosida o‘rmon xo‘jaliklarida amalga oshirish talab etiladi. Soddaroq qilib, tushuntirganda, ilmiy- tadqiqot instituti va o‘rmon xo‘jaliklari o‘rtasidagi amaliyot va tadqiqot ishlarini bog‘lash talab etiladi.  

Yarmarka yakunida ishlab chiqaruvchi sub’ektlar o‘rtasida ilmiy ishlanmalarni shartnoma asosida tijoratlashtirish amalga oshirildi, soha xodimlari tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.

A.Qayumov, Yo. Meliboyev (video), O‘zA muxbirlari