Qarshi shahrida joriy yilning 11-12 noyabr kunlari neft va gaz, elektr energiyasi, kimyo, tekstil, charm-poyabzal sanoati va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonalar ishtirokida “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarka”si bo‘lib o‘tdi.
Yarmarkada asosiy e’tibor mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, sanoatda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar, shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini o‘rganib chiqish, kelgusida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish va ish ko‘lamini kengaytirish uchun buyurtmalar portfelini (shartnoma va memorandumlar) shakllantirishga qaratildi.
Tadbirda sanoat kooperatsiyasi asosida o‘zlashtirishga taklif etilgan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, ularga bo‘lgan yillik ehtiyoj, texnik talab va ko‘rsatkichlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Shuningdek mahalliylashtirish loyihalarini moliyalashtirish instrumentlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish va sertifikatlash bilan birga tadbirkorlik foaliyatini amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga yuridik, metodik va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida respublikaning turli hududlaridan 167 ta yirik sanoat tarmoq korxonalari va 616 ta tadbirkorlik sub’ektlari vakillari 1 578 ta mahsulot turlari bilan qatnashdi.
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasining birinchi kunida ishtirokchilar viloyatdagi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Sanoat yarmarkasi davomida yirik sanoat va hududiy korxonalar bilan hamkorlikda yangi turdagi mahsulotlarni sanoat kooperatsiyasi asosida mahalliylashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ko‘rgazmada namoyish etilib, import qilinayotgan mahsulotlar namunalarini tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘zlashtirish bo‘yicha B2B shaklida muzokaralar olib borish va hamkorlik bitimlari tuzish jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Elektron kooperatsiya portali mutaxassislari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida elektron kooperatsiya portali orqali umumiy hisobda 768,9 milliard so‘mlik 459 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Shuningdek, hozirda import qilinayotgan mahsulotlarni kelgusida ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan 269 ta texnik jihatdan hamkorlik qilish memorandumlari imzolandi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA