Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududiy investitsion loyihalar – barqaror iqtisodiy o‘sish omili
15:48 / 2024-01-08

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan bo‘lsa, o‘z iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya – bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Investitsiya bilan birga turli soha va tarmoqlarga hamda hududlarga yangi texnologiyalar, ilg‘or tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib keladi. Natijada esa tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda.

Iqtisodiy o‘sishga erishishda investitsiyaning barcha manbalaridan foydalanish zarur. Masalan, byudjet mablag‘lari, tashqi kreditlar, to‘g‘ri investitsiyalar, korxonalar, aholi mablag‘lari va boshqalar.

Iqtisodiyot bugungi kunda investitsiya faoliyatiga yangicha yondashishni taqozo etmoqda. Bunday yondashuvni quyidagicha tasniflash mumkin:

– investitsiya talabini faollashtirish, investitsiya resurslarini iqtisodiy taraqqiyotning ustun sohalariga to‘plash va diversifikatsiyalash;

– investitsion jarayonlarga korxonalar, tashkilotlar, aholi jamg‘armalarini to‘laroq jalb etish va undan respublikaning ijtimoiy-­iqtisodiy muammolarini hal etishda foydalanish;

– chet el kapitalining kirib kelishi uchun qulay iqtisodiy muhit hozirlash. Investitsiya siyosatining mana shu uch jihati O‘zbekistonda ham amal qiladi.

Joriy yilning noyabr oyida Navoiy viloyat hokimligi va viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan viloyatda hududiy investitsiya, eksport masalalarida tadbirkorlarning mavjud muammo va takliflarini joyida ko‘rib chiqish hamda 2024 yil uchun hududiy investitsiya loyihalarini shakllantirish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Ushbu ishchi guruh tomonidan joriy yilning 14-­17 noyabr kunlari viloyatning 4 ta hududida, jumladan, Navoiy shahri, Qiziltepa, Navbahor va Xatirchi tumanlarida 2024 yilda ishga tushiriladigan loyihalar va tadbirkorlarning muammolari joylarga borib o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida 107,9 million (39,9 million dollar bank krediti)dollarlik 330 ta, jumladan, Navoiy shahrida 29 million dollarlik 83 ta, Xatirchi tumanida 15,4 million dollarlik 103 ta, Navbahor tumanida 35,8 million dollarlik 79 ta, Qiziltepa tumanida 27,7 million dollarlik 65 ta loyiha shakllantirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Shakllantirilgan hududiy investitsiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha qarab chiqsak, ular asosan sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb qilinganligini ko‘rishimiz mumkin.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar investitsiya jarayonlarini moliyalashtirishda mahalliy byudjetlarning ishtiroki va roli kengayib borayotganligini ko‘rsatadi.

Shu bois, yurtimizda iqtisodiy-­ijtimoiy va huquqiy sohalarni isloh etish, erkin tadbirkorlik faoliyatini qaror toptirish borasidagi islohotlar mantiqiy izchillikda bosqichma-­bosqich amalga oshirib kelinmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bugungi kunda aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakat iqtisodiyotining yetakchi bo‘g‘iniga aylangan bo‘lib, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish prokuratura organlari zimmasidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu asnoda tadbirkorlikni har taraflama qo‘llab-­quvvatlash hamda ular faoliyatidagi to‘siqlarning bartaraf etilishini ta’minlash borasida ishchi guruh a’zolari tomonidan 4 ta hududda o‘rganish olib borilib, 23 ta tadbirkorning turli toifadagi muammolari aniqlandi.

Jumladan, o‘rganishda aniqlangan muammolarning 17 tasi kredit masalasidagi, 6 tasi boshqa toifadagi muammolar hisoblanib, ularning 5 tasi joyida hal qilinishi ta’minlangan bo‘lsa, qolganlarining ijobiy hal etilishi bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilot vakillariga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuni nazarda tutish kerakki, o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga o‘tishning huquqiy asoslari, infrastrukturasi yaratilibgina qolmasdan, iqtisodiy o‘sishdan yuksalish sari mustahkam zamin yaratildi. Mamlakatni jadal isloh etish va modernizatsiya qilish hamda mulkiy munosabatlarni takomillashtirish natijasida ko‘plab korxonalar ishga tushirilishi chinakam industrial qudrat vujudga kelayotganligini bildiradi.

Ularning iqtisodiy samarasi darhol sezilmasligi mumkin. Chunki bunday sharoitda iqtisodiy samara kelgusi davrga ko‘chadi va o‘zining butun бўй­басти bilan yaqin kelajakda namoyon bo‘ladi. Buni jahondagi rivojlangan davlatlar tajribasi tasdiqlab turibdi.

 

F.Mamalatipov,

Navoiy viloyat prokuraturasi Tashqi savdo, investitsiyalar va tadbirkorlik sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i.

O‘zA