Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hududiy elektr tarmoqlari”ga 36 zamonaviy elektromobil berildi
14:29 / 2026-01-31

Qashqadaryo viloyatida elektr ta’minoti sohasida xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo hududiy filialiga 36 ta zamonaviy elektromobil topshirildi.

Elektromobillarni topshirish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov hamda soha mas’ullari ishtirok etdi. Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur transport vositalari Prezident tomonidan energetika sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor, aholini uzluksiz va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, korxona faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida ajratilgan.

Qayd etilishicha, yangi elektromobillar elektr ta’minoti ob’ektlarida tezkor xizmat ko‘rsatish, avariya holatlarini bartaraf etish, shuningdek, xodimlarning harakatlanish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ushbu tashabbus ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni kengaytirish orqali “yashil energetika” tamoyillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Soha mutasaddilari tomonidan kelgusida ham “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tizimida zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish ishlari izchil davom ettirilishi, jumladan, qo‘shimcha 12 ta maxsus avtotransport vositalarini olib kelish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilda Qashqadaryo viloyatida 585 kilometrdan ortiq yangi elektr tarmoqlari hamda 151 ta transformator punktini qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 3 ming kilometrdan ziyod elektr tarmoqlari va mingdan ortiq transformator punktlarida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

O‘lmas Barotov, O‘zA