“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Xorazm hududiy filialida “Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda amalga oshirilayotgan ishlar va aholiga yaratilayotgan qulayliklar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Xorazm hududiy filiali tomonidan 2024-2025 yillar davomida yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan so‘z yuritildi.
Jumladan, hududiy filiali tomonidan aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda tadbirkorlik sub’ektlariga 67 dona 35-110 kvoltli podstansiya, 14 ming 789 km 0,4-110 kvoltli elektr uzatish tarmoqlari hamda 5 ming 772 dona past kuchlanishli transformator punkti orqali 420 ming 372 ta aholi xonadoni, 31 ming 772 ta tadbirkorlik sub’ekti hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Viloyatdagi 80 ta avariyani tezkor bartaraf qilish xizmatidagi 381 nafar muhandis- texnik hodimdan iborat brigadalar barcha mavsumlarda barqarorlikni ta’minlash uchun tayyor.
– Viloyatimizda aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, tizimda mavjud muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Xorazm hududiy filiali bo‘lim boshlig‘i Oybek Rajabov.–- Kelib chiqishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida zaxira materiallari yaratildi. Joriy yilda ham past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturlari doirasida 218,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i, 66 dona transformator punkti rekonstruksiya qilinadi. Shovot, Gurlan, Qo‘shko‘pir va Urganch tumanlarining elektr energiyasi ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Shuningdek, aholi va ulgurji istemolchilarni 2025-2026 yil kuz-qish mavsumida mustahkam elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 1 ming 404,5 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarini va 504 dona transformator punktini, 5 ta 35-110 kVli kuch transformatorini, 14 ta 35-110 kVli o‘chirgichni mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan.
[gallery-22913]
Anjuman ishtirokchilari bugungi kunda aholiga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar, Urganch tumani hududida yaqinda ishga tushirilgan “Al-Xorazmiy siti” majmuasi elektr ta’minoti uchun xizmat qiladigan podstansiya faoliyati bilan tanishdilar.
Tadbir davomida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mas’ullardan javob oldi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari