Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozova 2022-2024 yillarda soha rivoji, iste’molchilarni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash, tizimni raqamlashtirish va modernizatsiyalash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘tgan uch yilda sohada moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, energiya resurslaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish, texnik infratuzilmani yangilash hamda iste’molchilarga qulay xizmat ko‘rsatish maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Ayni paytda “Hududgazta’minot” AJ mamlakat bo‘ylab 4 million 400 ming nafar tabiiy gaz va 3 million 700 ming nafar suyultirilgan gaz iste’molchisiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, 2022-2024 yillar mobaynida 553 kilometr gaz tarmoqlari mukammal ta’mirlandi, 19 ming 600 kilometr gaz quvurlari bosim ostida sinovdan o‘tkazildi. 18 ming 884 kilometr yer osti gaz quvurlari holati maxsus uskunalar orqali tekshirildi. 13 ming 677 kilometr yer usti tarmoqlari esa tartibga keltirildi va bo‘yaldi. Bundan tashqari, 1027 gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirdan chiqarilib, 185 mingtasi texnik taftishdan o‘tkazildi.
Gaz ta’minotini ikki bosqichli tizimga o‘tkazish maqsadida 980 ming 380 ta xonadonga gaz bosim rostlagichlar o‘rnatildi va 22 ming 583 ta eski gaz taqsimlash punktlari demontaj qilindi. Avtomatlashtirish va raqamlashtirish loyihalari doirasida 3 million 908 mingdan ziyod xonadonga “aqlli hisoblagich”lar o‘rnatildi va Billing tizimiga ulandi. Bu, o‘z navbatida, masofadan nazoratni ta’minlash, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va aholining gaz ta’minoti bo‘yicha murojaatlarini qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Raqamlashtirish doirasida Toshkent viloyati Parkent tumani hamda Xorazm viloyati Shovot tumanlarida “Avtomatlashtirilgan mahalla iste’moli nazorati va hisobi balansi”ni yurituvchi innovatsion punktlar sinov tariqasida joriy etildi. Bu tajriba respublikaning barcha tuman va shaharlariga bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda aholiga 1 million 865 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Buning uchun 845 ta ISUZU rusumli maxsus avtotransport ajratildi, autsorsing tartibida 46 ta avtotransport jalb qilindi. Eng chekka va borish qiyin bo‘lgan 229 ta qishloqqa “yo‘l tanlamas” avtotransportlar orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
– Suyultirilgan gaz ta’minotida shaffoflikni ta’minlash maqsadida “E-Gaz” avtomatlashtirilgan nazorat va hisob tizimi joriy qilindi. Bunda iste’molchilarga maxsus ID-kartalar taqdim etildi, 4 million 700 ming maishiy gaz ballonlariga bar-kodli yorliqlar biriktirildi. Bu elektron to‘lov tizimlari orqali qulaylik yaratib, inson omilisiz nazoratga sharoit yaratdi. Murojaatlar bilan ishlash tizimi ham takomillashtirildi. Respublika bo‘ylab 1104 - Call-markaz faoliyati joriy qilindi. Mavsumiy yuklama yuksalishi inobatga olinib, filiallarda operatorlar soni ko‘paytirildi. Joylarda rahbarlar va mutaxassislar tomonidan sayyor va ommaviy qabullar tashkil etildi, fuqarolarning minglab og‘zaki murojaatlari ko‘rib chiqildi, – deya ta’kidladi D.Jumaniyozova.
Sohadagi rivojlanishga xorijiy hamkorlar ham jalb etilmoqda. Xususan, Italiyaning “Terra Nova” kompaniyasi bilan ASKUG tizimi muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Yaponiyaning “ITO Corporation” kompaniyasi bilan sintetik metan ishlab chiqaruvchi qurilmalar sinov tariqasida faoliyat boshladi. Bu orqali Angren shahridagi Yangiobod mahallasida ko‘p qavatli uylar sintetik gaz bilan ta’minlanmoqda.
Tadbirda 2025 yil uchun rejalar haqida ham ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, joriy yilda iste’molchilarga 22,9 milliard m³ (shu jumladan aholiga 12,5 milliard m³) tabiiy gaz va 663,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 180,9 kilometr gaz tarmoqlari ta’mirlanadi va rekonstruksiya qilinadi. 52,5 ming dona punkt texnik taftishdan o‘tkaziladi va 250 ming xonadonga gaz bosim rostlagichlar o‘rnatiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA