“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati ekologik menejment hamda mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ISO 14001:2015 va ISO 45001:2018 xalqaro standartlari bo‘yicha muvofiqlik sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Bu jamiyat faoliyatida xalqaro talablar asosida boshqaruv tizimlari joriy etilganini ko‘rsatadi.
“MANAGEMENT CERTIFICATION” MCHJ tomonidan o‘tkazilgan kompleks audit natijalariga ko‘ra, tashkilotning atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, ekologik xavflarni boshqarish, shuningdek, barcha darajalarda xodimlar uchun xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari xalqaro talablarga muvofiq, deb topildi.
ISO 14001 va ISO 45001 standartlari asosida integratsiyalashgan boshqaruv tizimining joriy etilishi tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlash, ekologik barqarorlikni kuchaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarida mehnat xavfsizligini yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Jamiyat mas’ullarining ta’kidlashicha, ushbu xalqaro sertifikatlar samaradorlikni oshirish, iste’molchilar va hamkorlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash, shuningdek, gaz ta’minoti sohasidagi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA