Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hududgazta’minot” AJ rahbari “Qo‘ng‘irot” gaz to‘ldirish shoxobchasi faoliyatini o‘rgandi
17:59 / 2026-02-12

Qoraqalpog‘istonda aholini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda sohada amalga oshirilayotgan ishlar holatini joylarda o‘rganish, ishlab chiqarish jarayonlari hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisi Ma’ruf Xo‘jayev Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida bo‘lib, “Qo‘ng‘irot” gaz to‘ldirish shoxobchasi faoliyati bilan tanishdi.

O‘rganishlar davomida shoxobchaning ishlab chiqarish quvvati, texnologik jarayonlar, xavfsizlik talablariga rioya etilishi hamda suyultirilgan gazni qabul qilish, saqlash va aholiga yetkazib berish tizimi atroflicha ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, mavjud infratuzilmani takomillashtirish, texnik jihatdan yangilash va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar yuzasidan mas’ullar bilan muhokamalar o‘tkazildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur shoxobcha faoliyati natijasida Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Shumanay va Mo‘ynoq tumanlarida istiqomat qilayotgan iste’molchilar suyultirilgan gaz bilan ta’minlanadi. Hudud aholisi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu ta’minot tizimi orqali 2025-yil davomida jami 928,9 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Bu ko‘rsatkich hududlarda energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda shoxobchaning o‘rni muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

O‘rganish yakunida jamiyat rahbari aholini suyultirilgan gaz bilan barqaror va o‘z vaqtida ta’minlash, logistika jarayonlarini yanada samarali tashkil etish, ta’minot zanjirida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda xavfsizlik va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi. Shu bilan birga, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida xizmat ko‘rsatish sifati va tezkorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Ta’kidlanganidek, aholini energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan bunday o‘rganish va nazorat tadbirlari kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA