Bugun “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Unda jamiyat mas’ullari tashkilotning Vaziyatlar markazi, koll-markazida amalga oshirilayotgan ishlar, gaz ta’minoti tizimini raqamlashtirish jarayonlari va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik haqida atroqlicha ma’lumot berdi.
Ma’ullar qayd etganidek, bugungi kunda mazkur tashkilot 4 million 478 mingdan ortiq tabiiy gaz va 3 million 769 mingdan ziyod suyultirilgan gaz iste’molchilariga xizmat ko‘rsatib keladi.
Tabiiy gaz iste’molchilari bugungi kunda “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimi” (ASKUG) bilan qamrab olingan. Tabiiy gaz ta’minotida “Hududgaz” korporativ tizimi, suyultirilgan gaz ta’minotida “Ye-Gaz” dasturlari orqali ta’minot jarayonlarini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, ushbu jarayonlar “Hududgazta’minot” AJning Vaziyatlar markazida nazorat qilinadi.
“Hududgazta’minot” AJ tabiiy gaz ta’minoti ob’ektlaridan samarali foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Abror Yo‘ldoshev ma’lum qilganidek, tashkilot tomnidan gaz ta’minotini tizimini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va mavsumga taraddud ko‘rish ishlari tizimli tashkil etilmoqda.
[gallery-26205]
– Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, shuni ta’kidlash lozimki, o‘tgan yili 164 kilometr gaz tarmoqlarida kapital ta’mirlash va modernizatsiya ishlari amalga oshirilgan edi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 540 kilometrni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb to‘rt barobar ko‘p deganidir. Bundan tashqari, aholi iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlash sifatini va gaz oqimining gidravlikasini yaxshilash maqsadida uch bosqichli gazlashtirish tizimidan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu yil bajarilgan ishlar tahlili asosida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilandi. Jumladan, 2298 kilometr gaz tarmoqlarini polietilen quvurlarga almashtirish bo‘yicha aniq reja belgilangan. Ayni paytda bu ishlarning tashkiliy jihatlari amalga oshirilmoqda.
Ikki bosqichli tizimga o‘tish, mavjud tarmoqlarni mukammal ta’mirlash va modernizatsiya qilish, shuningdek, joylarda mehnat qilayotgan xodimlar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha ham vazifalar belgilab olingan.
Bugungi kunda respublika bo‘yicha umumiy gaz tarmoqlarining uzunligi 93 ming kilometrni tashkil etadi. Shundan 16 129 kilometr yer osti tarmoqlaridir. Ularning barchasi kadastr ma’lumotlari asosida “Argus” dasturiga kiritilgan bo‘lib, mazkur tizim orqali xodimlar faoliyatini nazorat qilish imkoniyati yaratilgan. Bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Polietilen va metall gaz tarmoqlarining farqi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, polietilen quvurlar samaradorlik, xavfsizlik va ekologik jihatdan ancha ustun hisoblanadi. Agar 2298 kilometr tarmoqni metall quvurlar bilan ta’mirlash amalga oshirilsa, bu ishlar uchun 1 trillion 938 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Shu bilan birga, 664 milliard so‘mlik elektr kimyoviy himoya stansiyalarini o‘rnatish zarur bo‘ladi. Polietilen quvurlardan foydalanilgan holda esa shu miqdordagi (2298 km) tarmoqni yangilash uchun 1 trillion 30 milliard so‘m mablag‘ kifoya qiladi va bu holda elektr kimyoviy himoya stansiyalarini o‘rnatish talab etilmaydi, – dedi A. Yo‘ldoshev.
Ta’kidlanganidek, bu ishlar ko‘lamida jamiyat tomonidan tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotidagi jarayonlarni raqamlashtirish, sohada yangi texnologiyalarni joriy etgan holda tizimni bosqichma-bosqich avtomatlashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Tabiiy gaz ta’minotida aholi bilan ishlovchi 2 mingdan ortiq mahalla gazchilari to‘liq planshetlar bilan ta’minlanib, ularning ish faoliyatida onlayn boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari mahalla gazchilari bosqichma-bosqich “bodi kamera”lar bilan ta’minlanmoqda.
Suyultirilgan gaz ta’minotida shaffoflikni ta’minlash, korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida yetkazib berish jarayonlari gazni qayta ishlash korxonalaridan iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlar raqamlashtirildi. Bugungi kunda suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimida ilg‘or Face ID texnologiyasi joriy etilmoqda. Bugungi kunga qadar tizim Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida yo‘lga qo‘yildi va yil so‘ngiga qadar respublikaning boshqa hududlaridagi ham joriy etiladi.
Mutaxassislar ta’kidlagandek, tizimda Call-markaz xizmatlari uzluksiz kunu tun faoliyat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni ro‘yxatga olinishi, ko‘rib chiqilishi va mualliflarga javoblar yuborilishi to‘liq avtomatlashtirilgan. Call-markaz operatorlarining javoblarini kutish vaqtini qisqartirish, iste’molchilarning barcha savollariga to‘liq javob berilishini ta’minlash maqsadida 1104 qisqa raqami jamiyatning barcha hududiy gaz ta’minoti filiallariga ham tatbiq etilib, joylardan o‘z hududidagi filiallarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish tizimi yaratilgan.
Call-markazning 132-operatori Shahzoda Abdukarimovaning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning noyabr oyiga qadar iste’molchilardan jami 629 917 ta murojaat qabul qilingan. Ulardan552 064 tasi ijobiy hal etilgan va 42 181 tasiga tushuntirish berilgan.
– Bugun, ya’ni 12 noyabr kunining ikki soati ichida 50 ta murojaatni qabul qildim. Kuniga o‘rtacha 120-130 ta murojaat tushadi. Ularning aksariyatini joyida hal qilamiz, ayrimlari esa tegishli yo‘nalish bo‘yicha jo‘natiladi va shu kunning o‘zida yechim topib beriladi. Albatta, bu jarayonning o‘ziga xos qiyinchiliklari ham bor. Lekin ishimni yaxshi ko‘rganim uchun har bir murojaatni sidqidildan ko‘rib chiqishga harakat qilaman, – dedi Sh. Abdukarimova.
Press-tur yakunida “Hududgazta’minot” AJ hovlisida gaz ta’minoti tizimida qo‘llaniladigan maxsus texnika vositalari, mobil laboratoriyalar, avariya zaxira jihozlari hamda zamonaviy gaz uskunalari namoyishi tashkil etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA