French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hududgaz Namangan”: har bir harakat inson qadri uchun
10:53 / 2022-08-11

Amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadri, uning farovon hayoti uchun yo‘naltirilgan. “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali ham ushbu keng ko‘lamli islohotlarga o‘z hissasini qo‘shgan holda, sohadagi har bir yangilik va amaliy ishlarni inson qadri uchun olib bormoqda.

Chunonchi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni hamda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida belgilab berilgan vazifalar ijrosini to‘laqonli ta’minlash, xalqimizning dard-tashvishlariga quloq tutish, murojaatlar sonini kamaytirish maqsadida Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida muntazam sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda. Bunda murojaatlar soni ortgan tumanlardagi mahallalarda iste’molchilar bilan uchrashib, muammolarning kelib chiqish sabablarini o‘rgangan holda ularga yechim topilmoqda.

Filial rahbari va uning sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokida belgilangan grafikdan tashqari viloyatda “qizil hudud” toifasiga kiritilgan Norin, Kosonsoy, Chust, shuningdek, Uchqo‘rg‘on, To‘raqo‘rg‘on, Mingbuloq, Namangan tumanlari, Namangan shahrida sayyor va ommaviy qabullar hamda iste’molchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Qolaversa, topshiriqqa asosan tuman (shahar) gaz ta’minoti bo‘lim boshliqlari ham murojaatlarni kelib chiqish sabablarini o‘rganish va iste’molchilar bilan joyida uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Yaqinda viloyatning tog‘li hududi - Pop tumanining Iskovut mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor qabul ham fuqarolar og‘irini yengil qilish, ularni ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etish hamda yo‘llanadigan murojaatlarni o‘z o‘rnida hal qilishga qaratildi.

Sayyor qabulda “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali direktori Shavkat Otaxonov fuqarolar murojaatlarini tinglash bilan birga, tabiiy va suyultirilgan gazdan foydalanish davomida xavfsizlik qoidalariga amal qilishni, isitish mavsumi uchun zamonaviy isitish qozonlari o‘rnatish kerakligi bo‘yicha tavsiyalarini berdi. Qabulda suyultirilgan gaz bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar o‘sha kunning o‘zida o‘rganildi va tegishli tartibda gaz ballonlari ajratildi.

Bundan tashqari Norin tumanining To‘lqin, Xo‘jaobod, Do‘mar, Yangiqo‘rg‘on tumanining Yuqori Qorayontoq, Yumaloq tepa, Uychi tumanining Shifokor va Uchqo‘rg‘on tumanining Sohil mahallalarida tashkillashtirilgan sayyor qabullar davomida ikki yuzdan ziyod fuqarolarning murojaatlariga quloq tutildi. Shunga muvofiq shu joyning suyuq gazga to‘ldirilgan maishiy gaz ballon berish, ID karta bilan ta’minlash, suyultirilgan gazni yetkazib berish davomiyligini ta’minlashga oid 46 ta murojaatning 41 tasi o‘z joyida hal etilib, besh nafar fuqaroga tegishli huquqiy tavsiyalar berildi.

Qayd etish joizki, “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali tomonidan 2022 yilning o‘tgan birinchi yarim yilligi davrida davomida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 2 ming 346 ta murojaat kelib tushdi. Tabiiy gaz ta’minoti va moslashtirilgan hudud, suyultirilgan gaz ta’minoti va maishiy gaz ballon ajratish, foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlar hisob-kitobi, filial xodimlarining xatti-harakatlari kabi kelib tushgan mazkur murojaatlarning aksariyatini hal etish choralari ko‘rildi.

Joylarda o‘tkazilayotgan bu kabi muloqotlar odamlarni hayotdan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlaydi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA