Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Hududgaz Buxoro”: gaz ta’minotida muammo bo‘lmaydi
12:20 / 2022-08-29

Buxoro viloyatida aholining gaz ta’minotini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan 262 mingdan ortiq aholi xonadonlari tabiiy va 165 mingdan ortiq iste’molchilar suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Tabiiy gaz iste’molchilarga 7609 kilometr gaz quvurlari, 6733 ta gaz maromlash punktlari orqali yetkazib berilayotir.

Gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilda mavsumga tayyorgarlik ishlari samarali tashkil etilmoqda. Xususan, gaz taqsimlash punktlarida kapital ta’mirlash ishlari to‘liq bajarildi. 5764 dona gaz maromlash qurilmalari taftish qilingan. Joylardagi 380 kilometrdan ortiq gaz quvurlari to‘liq bo‘yalgan. Qorovulbozor, Olot, Kogon, Vobkent va boshqa bir qator hududlarda gaz quvurlari rekonstruksiya qilinib, yer osti gaz quvurlari yer ustiga chiqarildi. “Yangi O‘zbekiston” massivlari doirasida gaz quvurlari tortildi. Natijada esa aholining tabiiy gaz ta’minotining yaxshilanishiga erishildi. Ta’kidlash lozim, gaz maromlash qurilmalari va quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirildi. 2022 yilda 66 tasida estetik jihatdan tartibga keltirish ishlari amalga oshirildi. 50 ta gaz maromlash qurilmalarida himoya to‘sig‘i o‘rnatildi. Amaliy jarayonlar Olot, Peshku, Kogon, Qorovulbozor hududlarida to‘liq yakuniga yetkazildi.

[gallery-8552]

Yurtimizda deyarli barcha sohada innovatsion yangilanishlar kuzatilmoqda. Shubhasiz, bu yangilanish gaz tizimida ham bo‘y ko‘rsatdi. Tabiiy gaz iste’molchilari uchun yangi tizim yaratildi. Viloyatda tabiiy gaz iste’molchilariga zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. bugungi kunga qadar 255 mingdan ortiq iste’molchiga hisoblagichlar o‘rnatildi. Gaz ta’minoti filiali tomonidan nafaqat tabiiy, balki tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hudud iste’molchilariga suyultirilgan gaz ballonlari jamiyat tasarrufidagi 9 ta MAN rusumli avtotransport vositalari orqali olib kelinadi.

Maishiy gaz balonlarini gaz to‘ldirish shoxobchalaridan aholi xonadonlariga yetkazib berish uchun shahar va tuman gaz filiallari hisobidagi 42 dona ISUZU va 1 dona KAMAZ rusumli maxsus avtotransport vositalari xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 10 ta tumanda istiqomat qiluvchi iste’molchilarga viloyatda 6 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi va stansiyalari orqali suyultirilgan gaz to‘ldirilib, belgilangan jadval asosida yetkazilmoqda. Joriy yilda 16 ming 627 tonna suyultirilgan gaz tarqatildi. Bugun maishiy gaz balloni iste’molchilariga yana bir qulaylik yaratildi. Ya’ni ular hisob-kitobni maxsus ID kartalar orqali amalga oshirib kelmoqda. Bundan maqsad suyultirilgan gazni yetkazib berish va iste’mol qilishni hisobga olish, suyultirilgan gaz uchun to‘lovni soddalashtirish, iste’molchi tomonidan naqd pul qabul qilinishini istisno qilishdan iborat. Ayni damga qadar 187 463 ta gaz ballonlariga maxsus stikerlar o‘rnatildi. 165 376 nafar iste’molchi maxsus kartalar bilan ta’minlandi.

“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z bordi. Tadbirda aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash hamda servis xizmat ko‘rsatish, sohada turli mavjud kamchiliklarning oldini olish, qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasida olib borilayotgan samarali ishlar, ikki bosqichli tizimga o‘tish, qarzdorlikning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlar to‘g‘risida ham batafsil ma’lumot berildi. Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan atroflicha javob berildi.

 

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA