English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududdagi amalga oshirilgan ishlar partiya yetakchisi kuzatuvida
16:48 / 2025-05-30

Joriy yilning 26 may kuni Prezidentimiz rahbarligida mahalliy sanoatni rivojlantirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash, aholini kasbga yo‘naltirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar uchun ish o‘rinlari yaratish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

Mazkur masalalarning joylardagi ijrosini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida bo‘lib, hududdagi iqtisodiy va ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi. O‘rganishlarda tuman hokimi Sherzod Ashurov, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamroyev, Siyosiy Kengash raisi o‘rinbosari Ozoda Parpiboyeva hamda partiyaning viloyat Kengashi raisi Maqsud Hamidov ham ishtirok etdi. 

O‘rganishlarning dastlabki manzili G‘ijduvon kulolchilik maktabi bo‘ldi. Maktab rahbari, 8-avlod usta Alisher Narzullayev tomonidan yaratilayotgan kulolchilik buyumlari bilan tanishdi. Mazkur xonadonda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oila vakillari ish bilan ta’minlangan. Bu joy bugun nafaqat hunarmandchilik markazi, balki turistik ob’ekt sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

[gallery-23679]

Tumandagi “Nodirabegim” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Nodirabegim” tekstil sexi rahbari Dilnavoz Saidova faoliyatni dastlab 7 nafar ayol bilan boshlagan bo‘lsa, bugungi kunda bu yerda 143 nafar ayol doimiy ish bilan ta’minlangan. Sexning “Gulistonobod” mahallasidagi filialida ham asosan kam ta’minlangan ayollar mehnat qilmoqda.

Shuningdek, hududiy dastur doirasida tashkil etilgan “Haj tekstil” MCHJ faoliyati bilan ham tanishuv o‘tkazildi. 2021 yilda tashkil etilgan korxona 1700 o‘ringa ega bo‘lib, hozirda 415 nafar ishchiga ega. Korxona rahbari Nurmuhammad Akilov viloyat bo‘yicha eksport hajmining 20 foizini ushbu korxona ta’minlayotganini ma’lum qildi. Bu yerda yoshlarni zamonaviy tikuvchilikka o‘rgatish uchun maxsus o‘quv xonalari ham tashkil etilgan. Amalga oshirilayotgan siyosiy-ma’naviy ishlar doirasida bu yerda 17 nafar ishchi partiya a’zoligiga qabul qilinib, boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzildi.

O‘rganishlar davomida “Bek bagss” MCHJ ham e’tibordan chetda qolmadi. Korxona 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, rahbari Sodiq Bekov boshchiligida 108 nafar xodim mehnat qilmoqda. Bu yerda nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham ish bilan ta’minlangan bo‘lib, mahsulotlar respublika bo‘ylab sotuvga chiqarilmoqda.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan “Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inidagi turistik hudud bilan ham tanishildi. Ayni paytda 513 ta xonadonning 7 tasida subsidiya asosida mehmon uylari tashkil etilgan. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.