English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hududda rekonstruksiya ishlari olib borildi
10:47 / 2024-10-16

Respublikamiz bo‘ylab kezayotgan salqin havo harorati kun sayin qishdan darak bermoqda. Bu o‘z navbatida iste’molchilarning issiqlikka bo‘lgan ehtiyoji ortishiga olib keladi. Muammo kelib chiqmasligi, o‘z vaqtida tabiiy gazni yetkazib berish uchun gaz ta’minoti filiali tomonidan harakatlar davom etmoqda.

Jumladan, Buxoro viloyatining bir qator hududlarida amaliy ishlar bajarildi. Ko‘plab hududlarning tabiiy gaz ta’minoti ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi, yangi gaz to‘ldirish shoxobchalari o‘z faoliyatini boshladi. O‘tgan yil tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq mavjud muammolari bor hududlar holati o‘rganilib, ularga tabiiy gazni muammosiz yetkazib berish maqsadida tizimli ishlarga qo‘l urildi. Nafaqat viloyatning markaziy mahallalari, balki olis joylarida ham qator amaliy ishlar olib borildi. 

– O‘tgan yil viloyatning ko‘plab hududlaridan tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan edi, – deydi gaz ta’minoti filialining mas’ul xodimi Farrux Toshev. – Ularning har biri joyida o‘rganildi. Dastlabki jarayonlar viloyatning G‘ijduvon tumanidan boshlangan bo‘lib, G‘ijduvon tumanining 4 ta – “O‘zanon”, “G‘ovshun”, “Mirzayon”, “Xadicha” mahallalarida gaz ta’minotini yaxshilash uchun 6 kilometrdan ziyod yer osti gaz quvuri rekonstruksiya qilindi. Natijada yigirma mingdan ortiq aholi xonadonlarda tabiiy gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. 

Tahlillarga ko‘ra, viloyatdagi 50 ga yaqin hududlarda bugunga qadar rekonstruksiya ishlari olib borildi. Tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolari mavjud hududlarning gaz ta’minotini yaxshilash hamda mavsum davomida uzluksiz tabiiy gazni yetkazib berish uchun umumiy hisobda 54 kilometrdan ortiq gaz quvurida rekonstruksiya ishlari bajarildi. Olis manzillar G‘ijduvon, Qorako‘l, Olot tumanlarida ham jarayonlar olib borildi. Rekonstruksiya ishlarining tashkil etilganligi mavsumda aholiga tabiiy gazni muammosiz yetkazib berilishiga va millionlab iste’molchining xonadonida gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishiladi. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.