FOTOREPORTAJ
Qarshi tumanidagi “Yangi Bog‘obod” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisi Mamanazar Nurmatov dastlab ishni uyma-uy yurib, aholi bilan tanishish, ularning muammolarini o‘rganishdan boshlagan.
Hududda ko‘chatchilik va bog‘dorchilik drayver soha hisoblanib, ushbu yo‘nalishni jadal rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, uzum yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida ishkomlar bunyod etilib, Andijondan 300 tup turli navli uzum ko‘chati keltirib ekildi. O‘rganishlar natijasida to‘rt fuqaroga issiqxona faoliyatini rivojlantirish uchun, uch nafariga tikuvchilik yo‘nalishida, bir fuqaroga qolipli non mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha, bir fuqaroga esa chorvachilik faoliyatini kengaytirish uchun imtiyozli kredit mablag‘lari olishda ko‘mak berildi. Yana 2 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun tavsiyalar berildi.
Hozirda ko‘chatchilik faoliyatini kengaytirish uchun mahalla hududidan o‘tayotgan ichki ariqlarni uzluksiz tizimda suv bilan ta’minlash maqsadida tozalash ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, hududda “Bog‘obod Original Frut” MCHJ tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun 200 tonnalik muzlatkich barpo etilmoqda.
– O‘rganishlar asosida mahallada 135 nafar ishsiz fuqaro borligi aniqlandi, - deydi hokim yordamchisi Mamanazar Nurmatov. – Hozirgacha ularning 25 nafari ish bilan ta’minlandi, 55 fuqaro esa norasmiy daromadga ega bo‘lganligi sabab o‘zini-o‘zi band qilishga yo‘naltirildi. Xatlov yakuni bilan mahalla fuqarolar yig‘inida alohida e’tiborga muhtoj 96 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”, 8 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olindi. 30 nafar yosh va ayolga o‘quv kursiga yo‘llanma berildi.
– Hududimizdagi hokim yordamchisi menga tikuvchilik faoliyati bilan shug‘ullanishim uchun imtiyozli kredit asosida tikuv mashinalari olishda yordam berdi, - deydi fuqaro Hilola Mustafoyeva. – Uch oydan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad olayapman. Mahallamdagi ishsiz xotin-qizlar ham tikish-bichishni o‘rganmoqda.
Tinib-tinchimas hokim yordamchisining maqsadi yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, hududidagi har bir fuqaroning ish bilan bandligini ta’minlashdir.
[gallery-7648]
Jamshid NORQOBILOV (surat),O‘zA