Prezident topshirig‘i amalda
Yil sayin Toshkent viloyatida yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish, o‘qish, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochildi.
Ayniqsa, mahallalardagi yoshlar yetakchilari tomonidan olib borilayotgan ishlar, bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, murojaatlarini alohida nazoratga olish borasidagi ishlar ijobiy natijalar bermoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘rta Chirchiq tumanida ham tizimli ishlar qilinmoqda. Hududdagi mahallalarda 57 nafar yoshlar yetakchilari bu jarayonda faol. Joriy yil boshidan boshlangan yoshlar balansini shakllantirish yo‘nalishida 14-30 yoshgacha 28 ming 768 nafar yoshlar xatlovdan o‘tkazilib “Yoshlar balansiga” kiritildi.

– O‘tgan yil ishsiz yoshlarning mahalla kesimida bandligi ta’minlashga harakat qildik, – deydi O‘rta Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Muhammadxo‘ja Saidxo‘jayev. – Joylarda mahalla yettiligi tomonidan 1 476 nafar yer olish istagida bo‘lgan yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, 450 gektar yer maydoni ajratildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun ajratib berilgan yer maydonini auksion savdolari orqali g‘olib deb topilgan 11 nafar yoshlarga motokultivator texnikasi “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan tarqatildi.
O‘z navbatida xorijdagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tuman hokimi Ixtiyor Qosimov boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, har bir mahalla kesimida migrant yoshlar bilan doimiy ravishda ishlanmoqda. Kuzatuvlarga ko‘ra, hozirda 362 nafar tuman yoshlari migratsiyaga chiqib ketgan. O‘tgan davrda 96 nafar yoshlar chet eldan qaytib kelgan bo‘lib, shundan 29 nafari doimiy ishga joylashtirilgan, 3 nafari oliy ta’limga o‘qishga kirgan. Yana 14 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan, 45 nafariga 30 yilga yer maydonlari ajratib berilgan.

Jumladan, O‘rta Chirchiqdan Sirojiddin Ermatov va Sohib Hakimov 2024-yilning yozigacha Rossiya Federatsiyasida uzoq yillardan buyon ishlar edi. Yuqoriovul mahallasi yettiligi ular bilan onlayn muloqot qilishi natijasida yurtimizga qaytdi va ularga 30 sotixdan dehqonchilik qilishlari uchun yer ajratib berildi. O‘zini-o‘zi band qilgan yoshlar yerdan unumli foydalanib, yaxshigina daromad olmoqda.
Prezident 14 fevral kuni yoshlar bilan videoselektor shaklida o‘tgan uchrashuvda ham mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi. Unda yoshlar siyosatiga oid muhim tashabbus va loyihalar amalga oshirilishi haqida aytildi. Endilikda aynan shulardan kelib chiqib, mahallalarda tizimli sa’y-harakatlar qilinishi rejalashtirilmoqda.


A.Musayev, O‘zA