Bobur shahrida “Biz, tozalik tarafdorimiz!” shiori ostida ploging aksiyasi o‘tkazildi.
Hududni pokizaligi, tozaligini saqlash, yoshlarning ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda O‘zbekiston Bolalar tashkiloti viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan aksiyada “Yosh ekologlar” harakati a’zolari, ko‘ngilli talabalar, sardorlar, faol o‘quvchilar ishtirok etdi.

Aksiyada qatnashgan yuzlab yoshlar tomonidan shahar hududi plastmassa, polietilen va boshqa turli chiqindilardan tozalandi.

– Biz aksiyada ishtirok etib, shahrimizni ozoda bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shdik, – deydi tadbir ishtirokchisi Muxlisa Karimova. – Eng asosiysi, tengdoshlarim bu ishga befarq emasligidan juda xursandman. Biz birlashsak, bu kabi ko‘plab xayrli ishlarni qila olamiz.

Aksiya doirasidagi ishlar tashkilotchilar tomonidan muvofiqlashtirilib, ishtirokchilar qo‘lqop, chiqindi solish uchun maxsus qoplar bilan ta’minlandi. Chiqindilarni tashish uchun esa texnika vositalari jalb etildi.

Ushbu aksiya yoshlarning faolligini, jamoaviy ishlash va tabiatni asrab-avaylashga bo‘lgan mas’uliyatini oshirishga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari