Quvada Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari kecha viloyatda yangi korxonalarni boshqarayotgan tadbirkorlar, zamonaviy texnologiyalarda ishlayotgan yoshlarimiz, chiroyli uy-joy massivlariga ko‘chib o‘tgan odamlarni ko‘rib, mamnun bo‘lganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, dunyodagi hozirgi o‘ta murakkab sharoitda yangi yo‘l ochish, investitsiya olib kelish o‘z-o‘zidan bo‘lmayotgani qayd etildi.
Farg‘ona aholisi 4 milliondan oshdi. Bunday o‘sish bilan viloyat aholisi 2030 yilga borib 5 millionga yetadi. Bu – Farg‘ona viloyatini o‘zida yiliga 100 ta yangi bog‘cha, 40 ta maktab, 20 mingta xonadon va 500 mingta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish kerak, degani.
Bu esa viloyat hokimi, uning 8 ta o‘rinbosari, 19 ta shahar-tuman hokimi oldiga katta vazifalar qo‘yib, ulardan qattiq mas’uliyat talab etishi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zA