Xatamjon Ketmonovning Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 2-noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 2-noyabr kuni Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi A.Qirg‘izboyev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili M.Darxanov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzod saylovoldi dasturi partiyaning g‘oya va dasturiy maqsadlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko‘pchilik – demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e’lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalarga asoslanishini ta’kidladi.
Mamlakatimizning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari, avvalo, kam ta’minlangan qatlami turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning rolini mustahkamlash, eng kam iste’mol xarajatlari standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish, aholi bandligini ta’minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlami manfaatlarini himoya qilish saylovoldi dasturning asosiy g‘oyasi ekani qayd etildi.
Dasturda mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, ish o‘rniga ega bo‘lishi uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul sharoitlar yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan uchrashuvda Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Q.Qosimova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi sektor mudiri G.Abdurahimova, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Angren shahar kengashi raisi I.Abduqayumov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan vazifalar haqida fikrlarini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda demokratik islohotlar hayotga tatbiq etilayotganining amaldagi ifodasi ekanini ta’kidladi. Saylovchilarni Vatanimiz kelajagini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.