Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hosilni oshirish yo‘llari muhokama qilindi
11:14 / 2025-08-15

Sirdaryo viloyatida sho‘r yuvishda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvni tejash, sho‘rlangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda zamonaviy suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish borasida amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Guliston tumanidagi “Suvchilar maktabi” tajriba maydonida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy seminarda sohadagi dolzarb vazifalar, amaliyotdagi muammolar va ularni bartaraf etishning innovatsion yo‘llari atroflicha muhokama qilindi.

O‘quv-amaliy seminarda   O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutasaddilari, 100 dan ziyod klaster va fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi. Ular qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanishning huquqiy, iqtisodiy va ekologik jihatlari bo‘yicha fikr almashdilar.

Ma’ruzalarda yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi Suv kodeksi asosiy qoidalari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 12 avgust kuni suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirishga oid bildirilgan ustuvor vazifalar atroflicha sharhlandi. Yangi qonunda suv umummilliy boylik sifatida davlat himoyasida ekanligi, undan oqilona va tejamkor foydalanish qat’iy tartibda belgilangani ta’kidlandi.

Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari G‘ulom Sulaymonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va tegishli normativ hujjatlar mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berdi. Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abduvohid O‘razkeldiyev esa 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan dasturning asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdi. Ularda mavjud irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, nasos stansiyalaridagi eski uskunalarni energiya va suv tejovchi turlariga almashtirish, yer ostidagi suv sathida muammoli bo‘lgan maydonlarni qayta ishga kiritish, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish va suvni tejash madaniyatini oshirish kabi aniq chora-tadbirlar belgilangan.

Texnika fanlari nomzodi Farhod Sadiyev vegetatsiya davridagi sug‘orishda, yerning sho‘rini yuvish va tuproqni unumdor holda saqlashda “Biosolvent” preparatining samarali qo‘llanishi haqida amaliy misollar keltirdi. Uning ta’kidlashicha, kuchli sho‘rlangan gipsli (qiyin melioratsiyalanadigan) yerlarda mukammal yumshatish, sho‘r yuvish va ushbu preparatni qo‘llash natijasida tuproq tarkibidagi umumiy tuz miqdorini ikki baravar kamaytirish, xlorni esa 90 foizgacha yuvib chiqarish mumkin. Bu esa tuproq namligini uzoq muddat saqlash, sho‘rlanish darajasini pasaytirish va hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, viloyatdagi 287 ming 145 gektar sug‘oriladigan yerning 9366 gektari sho‘rlanmagan, 213 ming 940 gektari kam, 59 ming 144 gektari o‘rta, 4695 gektari esa kuchli sho‘rlangan hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi tufayli bu kabi maydonlarda sho‘r yuvish ishlarini innovatsion va suv tejovchi usullarda amalga oshirish hayotiy zaruratga aylangan.

Seminar savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Qatnashchilar suv xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, soha mutaxassislarining malakasini muntazam oshirish va suvdan tejamli foydalanish madaniyatini keng ommalashtirish zarurligini ta’kidladilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri