Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hosilingiz barakali, hayotingiz farovon bo‘lsin, aziz dehqonlar!
08:03 / 2020-12-13

Aziz fermerlar, dehqonlar, tomorqa yer egalari, agronomlar, suvchilar, mexanizatorlar, Kengashimiz a’zolari, qishloq xo‘jaligiga aloqador barcha sohalar xodimlarini Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklaymiz!

Bu yilgi murakkab sharoitda koronavirus pandemiyasi va tabiat injiqliklariga qaramasdan, mehnatkash fermer va dehqonlarimiz, olijanob tomorqa yer egalarimiz mehnati bilan xalqimiz dasturxoni to‘kin, hayotimiz farovonligi ta’minlanmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 dekabrda soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida har bir dehqonning katta azmu shijoat, mirishkorlik va hayotiy tajribani ishga solishdek ibratli fazilatlarini xalqimiz yaxshi bilishi va yuksak qadrlashini alohida ta’kidladilar. Shu bilan birga, joriy yilda yurtimizda olti yarim million tonnaga yaqin g‘alla, 3 million tonnadan ziyod paxta, 21 ming tonna pilla, 22 million tonna meva-sabzavot, ikki yarim million tonna go‘sht va 11 million tonnadan ziyod sut mahsulotlari yetishtirilgani mashaqqatli va halol mehnatning samarasi ekanini alohida qayd etganlar.

Darhaqiqat, boy bilim va tajribasi, omilkorlik xislatlarini namoyon etib, ilm-fan yutuqlarini samarali qo‘llash hisobidan yuksak xirmon yaratgan barcha dehqon va fermerlarimiz mehnati tahsinga loyiq.

Ayni vaqtda agrar sohaning hal qiluvchi o‘rni va ahamiyati har doimgidan ham yuqori ekanini Kengashimiz xodimlari va a’zolari juda yaxshi his qilib, munosib mehnat qilishmoqda.

Xalqimizni sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlash, qishloq aholisini, jumladan ayollar va yoshlarni band qilish, fermerlar va klasterlar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishda faol ishtirok etish Kengashlarimiz oldida turgan muhim vazifalardandir.

Ko‘p tarmoqli fermerlarni qo‘llab-quvvatlash orqali joriy yilda 11 mingdan ortiq fermerlarda qo‘shimcha faoliyat turlari tashkil etilib, 37 ming aholi ish bilan ta’minlangani alohida e’tirofga loyiq. Mazkur jarayonda kelgusida ham Kengashlarimiz amaliy ishlarni davom ettirishadi.

Mamlakatimizdagi 4,5 milliondan ortiq aholi tomorqalariga yordam ko‘rsatish, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari bilan birga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ishlarida kengashlarimiz alohida o‘rni va xizmati bor.

Tomorqa yer egalari, fermerlar, tomorqa egalariga mahsulot ekishdan sotishgacha bo‘lgan jarayonlarda ko‘makchi bo‘lib borayotgan tomorqa xizmati korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va shu kabi tadbirlar uchun joriy yilda Kengashimiz huzuridagi jamg‘armadan 190 mlrd. so‘mdan ko‘proq mablag‘lar imtiyozli shartlarda ajratib berildi.

Joriy yilda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yerlarda dehqonchilik qilish uchun sharoit yaratib, yoshlar, ayollar va ishsizlar uchun kooperativlar tashkil qilish amaliyoti yaxshi samara bermoqda, kelgusida ham bunday faoliyatni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Davlatimiz rahbari tabrigida aytilganidek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ichki bozorimizni to‘liq ta’minlash bilan birga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ikki barobar oshirish va eksportni ko‘paytirish uchun imkoniyatlarni safarbar qilishdek muhim vazifani amalga oshirishda Kengashlarimiz xodimlari va a’zolari faol ishtirok etishiga ishonchimiz komil.

Albatta, kelgusida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlarni amaliyotga tatbiq etish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda mahsulot turlari va eksport hajmini yanada oshirish ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Muhtaram hamkasblar, va aziz soha xodimlari!

Kasb va hosil bayrami bilan yana bir bor muborakbod etib, mustahkam sog‘liq va oilaviy baxt, dalalarda mo‘l hosil va barakali xirmon ko‘tarilishida hamisha omad yor bo‘lishiga tilakdoshmiz.

Aktam Xaitov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va 
tomorqa yer egalari kengashi raisi