Yuqori Chirchiq tumanidagi fermer xo‘jaligida “Paxta yetishtirishda biologik simulyatorlardan foydalanish orqali hosildorlikni oshirish” mavzusida dala seminari o‘tkazildi.
Unda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi rahbari Shuhrat Otajonov, Respublika Paxtachilik kengashi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti mas’ullari hamda AKIS tashkiloti mutaxassislari qatnashdi.


Seminarda biostimulyatorlardan foydalanishning afzalliklari haqida ma’lumot berildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu uslub hosildorlikni oshirish bilan birga, tuproq unumdorligini saqlash va ekologik muvozanatni ta’minlashga ham xizmat qiladi.


Xususan, “Mirzayev Islom” fermer xo‘jaligining 33 gektar maydonida g‘o‘zaning “Sulton” navi “Biovak Y24” biostimulyatori bilan ishlov berilganida ijobiy natija kuzatildi. Tajriba davomida preparat qo‘llanilmagan nazorat maydoni ham namoyish qilinib, undagi 12 qator g‘o‘zaning rivoji va hosildorligi past bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.


Olimlar dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi texnologiya yordamida gektaridan o‘rtacha 50-60 sentner hosil olish mumkin. Bu tajriba paxtachilik sohasida innovatsion yondashuvlarning amaliy natijasidir.
A.Musayev, O‘zA.