BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari Qashqadaryo viloyatida joylashgan “Hosildor zamin” o‘quv majmuasi-ko‘chatxonasi tinglovchilari uchun “Tomorqada qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish” mavzusida trening o‘tkazdi.
Mashg‘ulot Global ekologik jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurg‘oqchil, sho‘rlangan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” loyihasi ko‘magida tashkil qilindi.

Ishtirokchilarga tomorqadan samarali foydalanishda ekinlar xilma-xilligi ahamiyati, tadbirkorlik asosi, moliyaviy savodxonlik, byudjet taqsimoti, tomorqada sabzavot yetishtirishning o‘ziga xos xususiyati va boshqa mavzular bo‘yicha qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalar berildi.
Tinglovchilar ijtimoiy ahvoli, turmush sharoiti og‘ir oilalar, shuningdek, muammolarni ro‘yxatga olish, aniqlash, bartaraf etish va nazorat qilish bo‘yicha sektor rahbarlari nazoratiga olingan ma’lumotlar bazasi hisoblangan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda ehtiyojmand va sohaga qiziqqan yoshlardan iborat.
– Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlari vakillari uy xo‘jaligini boshqarish, tadbirkorlik asosi, Qashqadaryo viloyati iqlim sharoitida ko‘chat yetishtirishning o‘ziga xos xususiyati bo‘yicha o‘qitilmoqda, – dedi loyiha milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov. – Bu tadbir bandlik muammosini hal etish, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bioxilma-xillikni saqlash uchun zamonaviy ilg‘or texnologiyani qo‘llash va dehqonchilikda resurs tejash usulidan foydalanish juda muhim.

Darhaqiqat, “Hosildor zamin” o‘quv majmuasi-ko‘chatxonasi mevali daraxtlarning mahalliy navlarini asrash, o‘zgarib borayotgan iqlim sharoitiga moslashtirish hamda “in-vitro” usulida ko‘paytirish maqsadida tashkil etilgan. Loyiha “Zamin” fondi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimligi o‘rtasidagi bitim doirasida Yevropa Ittifoqi va Jahon banki ko‘magida ishlab chiqilgan.
Iyul oyi boshida FAO mutaxassislari tomonidan “Hosildor zamin” tinglovchilari uchun navbatdagi trening uyushtiriladi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA