Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan Hosilbek Eshnazarovning xotira majmuasi ochildi.
Marosimda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, poytaxt jamoatchiligi, H.Eshnazarov bilan yelkama-yelka xizmat qilgan safdoshlari va oila a’zolari ishtirok etdi.
Ichki ishlar bosh boshqarmasida xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlar lavhi yana bittaga ko‘paydi. Jasoratli o‘g‘lonlarning pok xotirasi yod etilib, ularning poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Hosilbek Eshnazarovning porloq xotirasiga ehtirom ko‘rsatish tadbiri davomida Ichki ishlar vaziri tomonidan uning mashaqqatli xizmat faoliyati, Prezidentimiz tomonidan e’tirof etilganligi va har bir xodimga o‘rnak bo‘lishi ta’kidlandi.
Mana shunday burchga sadoqatning eng yuksak namunasini namoyon yetgan farzandni voyaga yetkazgan Beknazar ota va Dilorom opaga shaxsiy tarkib nomidan yana bir bor minnatdorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbarining yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilayotgan har bir Vatan himoyachisiga bildirgan ulkan ishonchi, ularga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar albatta fidoyilik va mardlik namoyon etishga undaydi.
Hosilbekning oilasi, farzandlari, va ota-onasi hamisha davlatimiz e’tiborida bo‘lib, ijtimoiy muhofazasi ta’minlab boriladi.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 62-maktabda esa Hosilbek uchun yodgorlik barpo etiladi va u o‘quvchilar qalbida Vatanga va burchga sadoqat ramziga aylanadi.

Shaxsan davlat rahbarining e’tibori bilan, Hosilbek Eshnazarov yuksak unvon “Jasorat” medali bilan mukofotlandi.
Tadbirda ichki ishlar vaziri tomonidan ushbu medal Hosilbekning otasiga topshirildi. Shu bilan birga, Prezident sovg‘asi sifatida Eshnazarovlar oilasiga uch xonali xonadon taqdim etildi.
O‘sha mash’um tunda kichik serjant Eshnazarov bilan bir yo‘nalishda xizmat olib borgan safdoshi voqeani xotirlar ekan, agar xodim jinoyatchini o‘z vujudi bilan to‘xtatib qolmaganda hodisa o‘ta ayanchli oqibatda yakunlanishi mumkinligini aytib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, jamoatchilikni oyoqqa turg‘izgan holatda butun xalq birlashib ichki ishlar xodimlari tomonida turdi. Ha, xalq o‘z qahramonlarini yaxshi taniydi.
Mustaqillik yillarida 118 nafar ichki ishlar xodimlari xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi. Hosilbek Eshnazarovning ismi ham ana shunday mard o‘g‘lonlar safida zarhal harflar bilan yozildi.
N.Abduraimova, O‘zA