Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “Rizayev Rustamjon omad” fermer xo‘jaligi 60 gektar yer maydoniga ega bo‘lib, undan 35 gektarida paxta va 15 gektarida g‘alla yetishtirilmoqda. Xo‘jalik rahbari Jondillo Rahmatov paxta hosilini o‘z vaqtida yig‘ib olish maqsadida umumiy qiymati 2 milliard 150 million so‘mlik “TZST CE 220” rusumli paxta terim kombaynini lizing asosida xarid qildi.
Tuman hududlaridagi cho‘l zonalarida paxta terish uchun ishchi kuchining yetishmasligi sababli bu kombaynning sotib olinishi fermer xo‘jaliklari oldida turgan eng muhim muammoni hal qilishga xizmat qiladi. Mazkur kombayn yordamida paxta hosilini o‘z vaqtida yig‘ib olish va yuqori sifatli xomashyo yetkazib berish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, davlat tomonidan lizing asosida xarid qilingan texnikalar uchun subsidiyalar ajratilmoqda. Xususan, har bir tonna terilgan paxta uchun fermerlarga 800 ming so‘mdan subsidiya beriladi. Shuningdek, qo‘shilgan qiymat solig‘i xarajatlari ham davlat tomonidan qoplanadi. Bu imtiyozlar fermerlarning texnika xaridini qulaylashtirib, ularga qo‘shimcha iqtisodiy rag‘bat beradi.

– “TZST CE 220” paxta terish mashinasi 10 yillik lizing asosida berildi, – deydi xo‘jalik rahbari Jondillo Rahmatov. Boshlang‘ich to‘lov 400 million so‘m, lizing foizi esa 10 foizni tashkil etadi. Davlat tomonidan ajratiladigan 15 foizlik subsidiyaning qiymati 322,5 million so‘m bo‘lib, umumiy hisobda 580,5 million so‘m fermer xo‘jaligiga qaytariladi. Kombayn bilan bir ish kunida 10 gektar yerda 25-30 tonna paxta teriladi. Bir tonna paxta terish uchun 800 ming so‘m terim puli olinadi va texnika egasiga bir tonna paxta tergani uchun 250 ming so‘m subsidiya beriladi.

Yangi texnikaning ko‘rgazmali sinov jarayonida mas’ullar va fermerlar kombaynning samaradorligini yuqori baholadi. Ular ushbu texnika uzoq yillar davomida samarali xizmat qilib, hosildorlikka katta hissa qo‘shishiga va hosilni o‘z vaqtida terib olishga yordam berishiga ishonch bildirdi.

Mazkur paxta terim kombayni hosilni o‘z vaqtida va sifatli terishga yordam berib, fermer xo‘jaliklarining hosildorlikdagi yutuqlariga ulkan hissa qo‘shadi. Kombaynning ishlashi paxta yig‘im-terimi jarayonlarini yanada samarali tashkil etishga ko‘maklashadi va tuman fermerlari oldida turgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.