Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hosil nobud boʻlishdan saqlab qolindi
10:12 / 2020-01-24

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi Jizzax viloyati Doʻstlik tumani boʻlimi “Sangzor vodiysi matlubotsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati issiqxonasini gaz bilan taʼminlashdagi muammoni hal qilib hosilni nobud boʻlishdan asrab qolishda amaliy yordam berdi.


Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi Jizzax viloyati Doʻstlik tumani boʻlimi “Sangzor vodiysi matlubotsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyati issiqxonasini gaz bilan taʼminlashdagi muammoni hal qilib hosilni nobud boʻlishdan asrab qolishda amaliy yordam berdi.

“Sangzor vodiysi matlubotsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 2 gektar maydonda gidroponika usulida barpo etilgan issiqxonasidagi pomidordan dastlabki hosil yigʻishtirib olinmoqda. Jamiyat aʼzolari hosilning 150 tonnasini ichki bozorga, 150 tonnasini eksportga chiqarayotir.

MCHJ rahbari Ismoil Ishimov 2018-yil Jizzaxda oʻtkazilgan Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etib Janubiy Koreyaning “Myung Sung Placon Ltd” kompaniyasi bilan gidroponika usulida issiqxona barpo etish boʻyicha umumiy qiymati 1 million 100 ming AQSH dollarlik loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkorlik shartnomasini tuzgan edi.

Janubiy Koreya Respublikasi texnologiyasi asosida amalga oshirilgan loyiha qiymatining 865 ming AQSH dollarini Jahon Taraqqiyot bankining krediti tashkil etdi. Zamonaviy issiqxonada 25 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi.

Issiqxonaga Isroildan keltirilgan “Pik Roza” va “Lamiya” navli serhosil pomidor urugʻlari koʻchatlari ekilgan. Bu navlar har tupidan 4 kilogrammgacha hosil berishi bilan boshqa mahalliy navlardan farq qiladi. Pomidor 90 kunda yetilib, 120 kungacha hosil beradi.

Bundan tashqari, mirishkorlar pomidor qator oralariga ekkan bulgʻor qalampirining har bir tupidan 1 kilogrammgacha hosil olishni moʻljallashgan. Yetilgan hosil peshma-pesh isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda. Bugungacha 21 tonna mahsulot Qozogʻistonning Nursulton shahriga eksport qilindi. 16 tonna mahsulot esa ichki bozorga yetkazib berildi.

Biroq pomidor yetilgan paytda issiqxona sohibkorlari kutilmagan muammoga duch keldi.

Loyiha boʻyicha issiqxona barcha texnik talablar asosida tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan. “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati hududiy gaz taʼminot filiali bilan 600 ming kub metr gaz yetkazib berish yuzasidan shartnoma ham tuzilgan.

Biroq gaz taʼminoti korxonasi dekabr oyida 8,3 ming kub gaz berib, keyin Energetika vazirligining buyrugʻini roʻkach qilib, issiqxonani tarmoqdan uzib qoʻydi.

Tabiiy gazning toʻxtalishi hosil endi yetishgan paytda issiqxona uchun juda halokatli vaziyatni yuzaga keltirdi. Harorat yetarli boʻlmaganligi pomidorlar yorilib, yaroqsiz holga kela boshladi. Hisob-kitoblarga koʻra, hosil nobud boʻlishi tufayli masʼuliyati cheklangan jamiyati 600 million soʻm zarar koʻrishi maʼlum boʻldi.

– Muammoning yechimini izlab Bosh vazir qabulxonasining tuman vakiliga murojaat qilishdan boshqa ilojimiz qolmadi, – deydi masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Ismoil Ishimov. – Qabulxona Respublika Energetika vaziriga xat bilan chiqib, gazni qayta ulashga ruxsat olib berdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Bosh vazir qabulxonasi haqiqatan ham biz tadbirkorlarning manfaatini himoya qiladigan tuzilma ekanligiga oʻz faoliyatimiz davomida yana bir bor amin boʻldik.

“Sangzor vodiysi matlubotsavdo” masʼuliyati cheklangan jamiyatining issiqxonasini gaz bilan taʼminlashdagi muammosini hal qilib bergani Doʻstlik tumanidagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi faoliyatidan yagona misol emas. Qabulxona hududdagi tadbirkorlarning muammolarini hal etishda samarali faoliyat yuritib kelayotir.

Oʻtgan yili tuman qabulxonasi tomonidan tadbirkorlarning jami 207 ta murojaati koʻrib chiqilgan. Ularning 161 tasi bevosita qabulxonada, 42 tasi sayyor qabullar davomida, 4 tasi Respublika ishonch telefoni orqali qabul qilingan.