Farg‘ona viloyatida ayni kunlarda 99 ming 500 gektar maydonda bug‘doy parvarishlanmoqda. G‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan mo‘l hosil olish maqsadida agrotexnik tadbirlar muddatida, sifatli amalga oshirilmoqda. Hozirgacha birinchi va ikkinchi oziqlantirish ishlari to‘liq yakunlandi, maydonlarni uchinchi oziqlantirish ishlari davom ettirilmoqda.
Buvayda tumanidagi “Semurg‘ 777” g‘allachilik klasteri 46 ta fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzgan bo‘lib, 1 ming 851 gektar maydonda g‘alla parvarishlanmoqda. Bahor seryog‘in bo‘layotgani uchun dalalarda bug‘doylar baravj rivojlanayotir. Keng dalalarga boqib, ko‘kka monand bo‘y cho‘zayotgan nihollarning bugungi rivojidan ko‘z quvnaydi, dil yayraydi. Atrofga ko‘m-ko‘k poyandoz to‘shalgandek go‘yo. Dehqonlar kundalik dala yumushlari bilan band.Ular nihollarni oziqlantirish, hasharotlarga qarshi kurashish, begona o‘tlardan tozalashdek muhim amallarni amalga oshirmoqda. Dehqonlar ta’biri bilan aytganda, bugungi mehnat va izlanishlar ertangi mo‘l-ko‘lchilik, to‘kinlikka xizmat qiladi.

“Buyuk Zafar” fermer xo‘jaligi g‘allachilikda katta tajribaga ega. Unumdorligi past, qum yerlar, sizot suvi yaqin bo‘lgan ekin maydonlarida dehqonchilik qilish, ko‘zlangan hosilni olish sabr-bardosh, izlanishni talab etadi. 80 gektar yerdagi g‘alla maydonlari azotli va fosforli o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi. Joriy yilda fermer hosildorlikni 100 sentnerga yetkazishni niyat qilgan.
G‘allachilik sohasida klaster tizimining joriy etilgani soha rivojiga xizmat qilmoqda. Endilikda fermer yetishtirgan bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqiga ega bo‘ldi.

– Qishda deyarli qor yog‘madi, bahorning yomg‘irli kunlari esa g‘alla rivojida katta o‘rin tutmoqda, – deydi “Semurg‘ 777” g‘allachilik klasteri rahbari Ma’sudjon Abdurazzoqov. – G‘alla parvarishida mineral o‘g‘itlarning ahamiyati katta. Ekinni oziqlantirishda mahalliy o‘g‘itdan ham foydalanilsa, nihollar baravj rivojlanadi, suvga bo‘lgan talabi kamayadi. Belgilangan chora-tadbirlar asosida dalalarga mahalliy o‘g‘it chiqarish, ekinlarni “sharbat” usulida sug‘orish va azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish amalga oshirilmoqda. G‘alladan yuqori hosil olish uchun hududlarning tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, har gektar yerga 300 kilogrammdan fosforli va kaliyli o‘g‘it yetkazib berildi va oziqlantirildi. Ayni kunlarda azotli o‘g‘itlar bilan uchinchi oziqlantirish ishlari bajarilyapti. Chunki g‘alla hosilining salmog‘i bugungi harakatga bog‘liq.
Farg‘onalik dehqonlarning azaldan g‘alla yetishtirishda o‘ziga xos tajriba maktabi bor. Buni g‘alla maydonlarida olib borilayotgan amaliy ishlar ko‘rsatib turibdi. Bahorgi agrotexnik tadbirlar boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirib, aholini sifatli va arzon non va non mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.
M. Sulaymonov, O‘zA