Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hosil bayrami – samarali mehnat tantanasi
13:29 / 2022-12-10

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida “Hosil bayrami” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bayram tuman markazidagi baland kenglik hududida xalq sayli tarzida tashkil etildi. Unda viloyat sektor rahbarlari, tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, paxta-to‘qimachilik klasterlari va agrofirmalar rahbarlari, fermer xo‘jaliklari raislari, fermer xo‘jaliklari ishchi-xodimlari, pillachilar, shuningdek, sohada uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar, keng jamoatchilik, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tantanali marosimda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov  so‘zga chiqdi. Ishtirokchilarni viloyat miqyosidagi paxta terimi yetakchilaridan biri bo‘lganligi bilan  tabrikladi. Dehqon va fermerlar, ularga yordam bergan korxona va tashkilotlar, tumanning barcha mehnatkashlariga minnatdorlik bildirdi. Prezidentimizning  qurilish va bunyodkorlik, aholini ijtimoiy himoya qilish sohalaridagi Qorako‘l tumaniga berilayotgan ulkan etibori tuman rahbari tomonidan yana bir bor e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri fermerlarda paxtadan yuqori hosil olishga bo‘lgan ishtiyoqni yanada kuchaytirish maqsadida mavsum boshida tanlov e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, birinchi terimda 70 sentner hosil olgan fermerga “Kobalt”, 60 sentner olganga “Damas” avtomashinasi, 50 sentnerga 50 million, 40 sentnerga 40 million, 30 sentnerga 30 million so‘m pul mukofoti berilishi va’da qilingan edi.  

O‘ziga xos musobaqaga aylangan bu yilgi mavsumda “Samad Beshim” fermer xo‘jaligi rahbari Akbar Rustamovning qo‘li baland keldi. Ushbu xo‘jalik jamoasi 70 sentnerlik marrani zabt etdi. “Hosil bayrami”da A.Rustamovga “Kobalt” avtomashinasi kaliti tantanali ravishda topshirildi.  

Bundan tashqari, “To‘yxon momo” fermer xo‘jaligi rahbari Akobir Rajabovga “Damas” avtomobili, bir guruh ilg‘or fermerlarga esa va’da qilingan miqdordagi pul mukofotlari va boshqa qimmatbaho sovg‘alar berildi. Umuman, mavsumda faol ishtirok etgan, tuman qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga hissa qo‘shgan har bir inson, har bir jamoa munosib rag‘batlantirildi.

O‘zbek milliy kurashi bo‘yicha tashkil qilingan musobaqalarda viloyat polvonlari, Markaziy Osiyo va yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mahoratli kurashchi yigitlar ishtirok etdi. Gilamda kuch sinashgan kurashchilarga 200 dan ortiq qimmatbaho sovg‘alar, yirik va mayda shoxli mollar, tuya va otlar sovrin sifatida topshirildi.  Shuningdek, 2022 yilning 23-29 noyabr kunlari Hindiston davlatining Pune shahrida bo‘lib o‘tgan 13-Jahon chempionatida 60 kilogramm vazn toifasida g‘olib bo‘lgan  Qorako‘l tumani farzandi Abdulaziz Hamroyev hamda uning ustozi Oxunjon Samadov tuman hokimi Xurshid Toxirov tomonidan taqdirlandi.

Shuningdek, maydonga yig‘ilganlar kun davomida qo‘chqor urushtirish o‘yinlari va dorboz tomoshalariga ham guvoh bo‘ldi. Bolalar maydonchalarida tashkil etilgan rang-barang attraksionlar jajjilarga xush kayfiyat ulashdi.

“Hosil bayrami” tadbirlarida  xalqimiz suygan san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi, yosh ijodkorlar tomonidan ijro etilgan badiiy chiqishlar qatnashchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi. Qorako‘lliklarni joriy yilda qishloq xo‘jaligida erishilgan ulkan g‘alabasi bilan qutladi. Shuningdek, viloyat rahbari so‘nggi vaqtlarda  Qorako‘l  tumanida aholining yashash sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

“Hosil bayrami” tadbirlari viloyat bo‘ylab davom etmoqda.  

Zarif Komilov, O‘zA