Mirishkor dehqonlarimiz tilida bir gap bor: “Bahorning bir kuni – yilga teng”. Uning zamirida esa ko‘klam kelishi bilan zudlik bilan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar, kechiktirib bo‘lmas harakatlar yotadi. Zero, yil avvalida qilingan sa’y-harakatlar yakunda xirmonlar to‘lishi, rejalar ado etilishini belgilab beradi. Farg‘ona viloyatida chigit va g‘alla parvarishi agrotexnik tadbirlar asosida sifatli olib borilmoqda.
Bag‘dod tumanidagi “Serquyosh davr” fermer xo‘jaligi paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan. Xo‘jalikda ayni paytda 40 gektar maydonda “Yaksar” elita urug‘lik bug‘doy navi, 35 gektar maydonda esa “S-8290” navli g‘o‘za parvarishlanyapti.


– Bu yil bahor ertaroq keldi. Chigit ekishni 26 mart kuni boshlagan edik, bir haftada unib chiqdi. Ayni kunlarda kultivatsiya bilan ishlov berilyapti, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Usmonjon Ahmadaliyev. – Bug‘doyzorlar ham shu kungacha ikki marta o‘g‘itlandi, suspenziya bilan ishlov berildi. Avji yaxshi.
Tajribali fermer o‘tgan yili bug‘doydan 70, paxtadan 46 sentnerdan hosil olishga erishgan. Bu yil maqsadlar katta olingan: bug‘doydan 80 va paxtadan 50 sentnerga yetkazib xirmon ko‘tarish ishqida mehnat qilishyapti.
– Garchi 30 nafar ishchimiz bo‘lsa-da, texnikaning o‘rni bo‘lakcha. Bejiz uni “dehqonning qanoti” deyilmaydi. 4 ta traktorimiz bor. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishda ular qo‘l keladi. Shuning uchun texnikalar sozligi doim diqqat e’tiborimizda, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari.
Xo‘jalikda uch yil oldin 20 gektar yerda tomchilatib sug‘orish joriy qilingan. Bu esa suvni tejash, ekinlarni o‘g‘itlashda qulaylikka zamin yaratmoqda. Shu bilan birgalikda dala chetlariga ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekishga alohida e’tibor qaratilyapti. Ayni kunlarda xo‘jalik ishchilari tomonidan chilgi hosil – pilla yetishtirishga qizg‘in kirishilgan, xonadonlarda shartnoma asosida 5 quti ipak qurti parvarishlanyapti.
– Baraka mehnatda deyishadi. Har yili bahordan shu fermer xo‘jaligi dalalariga chiqib ishlaymiz. Yetarli shart-sharoit qilib berishadi. Mehnatga yarasha haq, rag‘bat olamiz, – deydi xo‘jalik ishchisi, mohir pillakor Ra’noxon G‘aniyeva. – Xalqimiz dasturxoni to‘kinligi, yurtimiz ravnaqiga oz bo‘lsa-da hissamiz qo‘shilayotganidan mamnunmiz.
M.Sulaymonov, O‘zA