Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hoqon Fidan: Antaliya diplomatik forumi global muammolarni hal qilishga hissa qo‘shadi
08:18 / 2024-03-02

Avval xabar qilinganidek, ayni kunlarda Antaliya shahrida Diplomatiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. “Anadolu” xabar berishicha, Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan “Inqirozlar davrida diplomatiyani birinchi o‘ringa olib chiqish” bu yilgi anjumanning asosiy mavzusi sifatida tanlanganini eslatdi.

– Davlat va hukumat rahbarlari, yuqori martabali amaldorlar, ishbilarmon doiralar vakillari va yoshlarni birlashtirgan Antaliya forumi uch kun davom etadi, – dedi janob Fidan. – Anjuman ishtirokchilarga vositachilikdan migratsiyagacha, texnologiyani rivojlantirishdan oziq-ovqat xavfsizligigacha, terrorizmga qarshi kurashdan barqaror rivojlanishgacha bo‘lgan turli mavzularni muhokama qilish imkonini beradi. Sessiyalar va ikki tomonlama uchrashuvlarda xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi inqirozlarni, ayniqsa G‘azo sektorida davom etayotgan qirg‘inni bartaraf etish masalalari muhokama qilinadi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyodan kelgan delegatlar diplomatiyaning mavjud barcha vositalaridan foydalangan holda, adolatli, tinch va farovon kelajakka erishish yo‘llarini qidiradi.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Antaliyada tashkil etilgan diplomatik forumda 4500 ga yaqin mehmon, jumladan 19 davlat rahbari, 73 vazir, 57 xalqaro tashkilot vakili to‘plangan.

Bugun boshlanib, 3-martgacha davom etadigan tadbir doirasida 52 mavzuda  muhokama, munozaralar kechadi. Nafaqat diplomatlar va siyosatchilar, balki talabalar, olimlar, nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirokida ko‘plab ko‘rgazma, taqdimotlar rejalashtirilgan.

Mezbon mamlakatning san’at, energetika, mudofaa, sanoat sohalaridagi qarashini ochib beruvchi “Turkiya asri” hamda Prezident ma’muriyatining Istanbuldagi Aloqa bo‘limi tomonidan G‘azodagi insoniyat fojiasini bolalar nigohi orqali aks ettirish maqsadida tashkil etilgan “O‘q o‘tmas orzular: G‘azodan kelgan rassom bolalar” ko‘rgazmalari namoyish etiladi.

M.Pirmatova, O‘zA