Yaponiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi “Honda” kompaniyasi mamlakat shimolidagi Xokkaydo orolida tajribaviy qayta foydalanish mumkin bo‘lgan kosmik raketani muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “DW” nashri.
– Raketa 56,6 soniyalik parvoz davomida 271,4 metr (890 fut) balandlikka ko‘tarilib, mo‘ljallangan joydan atigi 37 santimetr narida yerga qo‘ndi, - deyiladi kompaniya bayonotida.
Ekspertlar fikricha, bu holat uning kosmik bozorga sezilarli kirib kelganini anglatadi. “Honda” AQSH va Xitoydan tashqari vertikal uchirish va qo‘ndirishni namoyish etgan birinchi kompaniya bo‘ldi.
Raketalarni sinashda erishilgan yutuq
Uzunligi 6,3 metr, diametri 85 santimetr va og‘irligi 900 kilogramm (yoqilg‘i bilan 1312 kilogramm) bo‘lgan raketa joriy yilning 17 iyun kunida sinovdan o‘tkazilgan. Bu yutuq “Honda” o‘zining kosmik rejalarini birinchi marta 2021 yilda e’lon qilganidan so‘ng to‘rt yilga yaqin davom etgan maxfiy ishlanmalar natijasi bo‘ldi. O‘shanda kompaniya raketa dvigatel texnologiyasi ustida kamida ikki yil ishlaganini ma’lum qilgan edi.
Bu sinov kompaniyaning yonish texnologiyalari, boshqaruv tizimlari va avtomatlashtirilgan tizimlari bo‘yicha mavjud tajribasini kosmik sohalarga qo‘llay olish qobiliyatini ko‘rsatmoqda.

Raketalar texnologiyasi
Eksperimental qurilma ko‘p martalik raketalar uchun zarur bo‘lgan bir nechta muhim texnologiyalarni namoyish etdi. Bular qatoriga gidravlik amortizatorli yig‘iladigan shassi, aerodinamik boshqaruv uchun chiqariladigan panjarali rullar va “Honda” kompaniyasining maxsus yo‘naltirish algoritmlarida ishlaydigan zaxira inersial o‘lchov bloklari kiradi.
Ushbu tizimlar raketaga ko‘tarilish va tushish bosqichlarida parvoz barqarorligini saqlash hamda g‘oyat aniq qo‘nishni ta’minlash imkonini berdi. Sinov “Honda” kompaniyasining an’anaviy bir martalik raketalarga nisbatan xarajatlarni va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga qodir bo‘lgan barqaror, ko‘p martalik kosmik uchirish tizimlarini ishlab chiqish salohiyatini ko‘rsatdi.
Bir marta ishlatilgandan so‘ng tashlab yuboriladigan oddiy raketalardan farqli o‘laroq, kompaniyaning yondashuvi “SpaceX” tomonidan birinchi bo‘lib joriy qilingan ko‘p martalik foydalanish modeliga asoslanadi. Biroq “Honda”ning raketa o‘lchami “SpaceX”ning “Falcon 9” raketalari o‘lchamidan taxminan o‘n baravar kichik.
Strategik bozor mavqei
Raketaning muvaffaqiyatli sinovdan o‘tishi yapon avtomobil ishlab chiqaruvchisini kichik sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishning o‘sib borayotgan bozorida “SpaceX” kabi nufuzli ishtirokchilar bilan raqobatlasha oladigan jiddiy nomzod sifatida namoyon etdi.

Tijoratlashtirish haqida qaror qabul qilinmagan bo‘lsada, “Honda” kompaniyaning boshqa biznes yo‘nalishlarini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlari va keng qamrovli aloqa dasturlarini ishga tushirish imkoniyatini ko‘rmoqda. Ushbu strategik qadam Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries” va “JAXA” singari taniqli ishtirokchilar qatorida mamlakatning mavjud kosmik salohiyatini to‘ldirgan holda, jahon kosmik sanoatidagi o‘z o‘rnini kengaytirish bo‘yicha keng qamrovli sa’y-harakatlarini aks ettiradi.
Kelajakdagi maqsadlar
Avtomobil giganti 2029 yilgacha suborbital parvoz imkoniyatiga erishish kabi ulkan maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan, garchi dastur hozircha asosiy tadqiqotlar bosqichida bo‘lsada. Bu uzoq muddatli rejaga sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarish xizmatlari ham kiradi.
2024 yilda AQSHda kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha maxsus hudud tashkil etilganidan buyon “Honda” faqat raketa qurishdan tashqari, boshqa tegishli kosmik texnologiyalarni ham ishlab chiqishga kirishdi. Bular qatoriga Xalqaro kosmik stansiya uchun elektroliz qurilmasi, hayot ta’minoti tizimlari uchun qayta tiklanadigan yoqilg‘i elementlari va sun’iy yo‘ldoshlarni orbitada yoqilg‘i bilan ta’minlashga qaratilgan “Astroscale Japan” bilan hamkorlik qiladi.
Abduaziz Xidirov, O‘zA