Yangi o‘quv yili arafasida mamlakatimizda ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash, bolalarning bilim olish huquqini ta’minlashga qaratilgan ezgu ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida ham xayrli tashabbus amalga oshirildi.
Tuman hokimi Dilfuza O‘rolova rahbarligida hududdagi tashkilot va muassasa rahbarlari “ijtimoiy reyestr”da qayd etilgan oilalarning 1925 nafar farzandiga homiylik asosida maktab formalari tuhfa etdi.

Bu ezgu amal ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning moddiy yukini yengillatdi, farzandlarimizning yangi bilimlar sari qadamlarini quvonch va shodlik bilan boshlashiga zamin yaratdi.
Anorzor mahallasida istiqomat qilayotgan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila vakili Matluba Mirzayeva o‘z minnatdorligini izhor etar ekan, shunday dedi:


– Ikki farzandim maktabga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Formalarni olish biz uchun katta qiyinchilik bo‘lardi. Davlat va jamoat tashkilotlari ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda mamnunmiz. Bu bolalarimga katta zavq va ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri