Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Homiladorlik va tug‘ish nafaqalari 1 yanvardan davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali to‘lanadi (+video)
21:38 / 2026-01-05

Bugungi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy hayotini mustahkamlashda muhim o‘rinni egallamoqda. Xususan, 2025 yilda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirdi.

Qonun asosida ishlab chiqilgan yangi tizimning asosiy maqsadi fuqarolarni ijtimoiy himoya bilan keng qamrab olish, nafaqalarni vaqtida va avtomatik tarzda taqdim etish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirishdir.  

2026 yil 1 yanvardan homiladorlik va tug‘ish nafaqalari davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali avtomatik tarzda tayinlanadi va to‘lanadi. 2026 yil iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik) nafaqalari ham yangi tizim orqali amalga oshiriladi.  

Bu o‘zgarishlar, avval chetlab o‘tilgan xususiy sektordagi ko‘plab xodimlar, ayniqsa, ayollar uchun ijtimoiy kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam sanalayotgani bilan ahamiyatlidir.  

Ijtimoiy sug‘urta tizimi ikki asosiy shaklda amalga oshiriladi.

Majburiy sug‘urta — davlat byudjeti orqali kiritiladi (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi hisobidan). Ixtiyoriy sug‘urta — fuqarolarning o‘z xohishi bilan to‘lanadigan sug‘urta to‘lovi, minimal mehnat haqining 5 foiz miqdorida.  

Bu mexanizm fuqarolarga ijtimoiy himoyani o‘z taqdimot darajasiga ko‘ra tanlash imkonini beradi, shu bilan birga davlat byudjetiga bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.  

To‘lovlar avtomatik shaklda tayinlanadi. Yangi tizimda ariza taqdim etilishi talab qilinmaydi. Nafaqalar avtomatik tarzda, elektron ma’lumotlar bazasi orqali tayinlanadi. Bu fuqarolarning vaqt va kuch sarflarini sezilarli darajada qisqartirib, to‘lovlarning o‘z vaqtida va adolatli amalga oshirilishini ta’minlaydi.  

Yangi tizimda nafaqalar sug‘urta stajiga bog‘liq ravishda tayinlanadi. Bu esa rasmiy shug‘ullanuvchi aholi sonini oshirishga, norasmiy mehnat bozorini qisqartirishga, odamlarning mehnat huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Xususiy sektor uchun yengilliklar yaratiladi.

Dunyo tajribasi ko‘rsatadiki, takomillashtirilgan ijtimoiy sug‘urta tizimi, mehnat bozorida barqarorlikni oshiradi. Ayollar bandligini va ularning daromadini saqlashni ta’minlaydi. Ijtimoiy adolatni mustahkamlaydi.  

— Asosiy maqsad fuqarolarni hayotda uchraydigan ijtimoiy xavflardan, ya’ni kasallik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish davrida himoya qilishdir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Farrux Pardayev.  – Yangi tizim inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, nafaqalar endi davlat ijtimoiy sug‘urtasi orqali, kafolatli va barqaror tarzda to‘lanadi. Bu o‘zgarishlar xususiy sektorda ishlovchilar uchun juda katta ahamiyatga ega. Ilgari xususiy sektorda ishlovchi ko‘plab fuqarolar, ayniqsa, ayollar ijtimoiy kafolatlardan to‘liq foydalana olmas edi. Yangi tizim esa ish joyidan qat’i nazar, rasmiy ishlayotgan har bir fuqaro uchun teng ijtimoiy himoyani ta’minlaydi. Ijtimoiy nafaqalar bilan bog‘liq moliyaviy yuk ish beruvchilar zimmasidan olib tashlanadi. Bu tadbirkorlarga ish o‘rinlari yaratish, ish haqlarini oshirish va biznesni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyat beradi. Shu bilan birga, ishga qabul qilishda ijtimoiy omillar sababli cheklovlar kamayadi. Nafaqalar sug‘urta stajiga bog‘liq holda tayinlanishi rasmiy ishlashga qiziqishni oshiradi. Fuqaro qanchalik uzoq muddat rasmiy mehnat qilsa, uning ijtimoiy himoyasi shunchalik mustahkam bo‘ladi. Bu norasmiy bandlikni qisqartirishda muhim omil hisoblanadi. Yangi ijtimoiy sug‘urta tizimi to‘liq raqamlashtirilgan. Fuqarolardan ortiqcha hujjat yoki murojaat talab qilinmaydi, nafaqalar elektron ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda tayinlanadi. Bu shaffoflikni oshiradi, inson omilini kamaytiradi va korrupsiya xavfini minimallashtiradi.

Davlat ijtimoiy sug‘urtasi  faqat nafaqa emas, bu inson qadri, ishonch va ertangi kunga ishonch bilan qarash demakdir.

<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/J_UGpD42q18?si=xRdNF-HEqAEDZDEZ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova,

O‘zA