Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov Ikkinchi jahon urushi paytida front ortida mehnat qilgan Homid bobo Tursunov holidan xabar oldi.
Tuman hokimiga Milliy gvardiya, Mahalla xayriya jamoat fondi Vobkent tumani bo‘limi hamda keng jamoatchilik vakillari hamrohlik qildi.

– Dunyoda xalqlar ko‘p, urf-odatlar ham shunga yarasha, ammo inson qadri-qimmati, uning manfaati yuksak qo‘yilgan yurt hamma joyda ham topilavermaydi, – deydi Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida mehnat qilgan faxriy Homid ota.
— Shukurki, yurtimiz tinch-osuda. Shu sabab, xonadonlarimiz fayzli, obod. Urush yillaridagi ocharchiligu, suronli kunlar, o‘tmishning mashaqqatlarini eslasam, bugungi farovon turmushimizga ko‘z tegmasin deyman.
Istiqlol tufayli bugun xalqimiz farovon va osoyishtalikdan masrur. Keksalikning gashtini surib farzandlar, nevarayu chevaralar ardog‘ida izzat-ikromda yashashga ne yetsin. Tinchligimizga ko‘z tegmasin. Istiqlol yillarida inson qadr topdi.

Jamiyatimizning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, xalqimizning hech kimdan kam bo‘lmay, ozod va farovon hayot kechirishida namoyon bo‘lmoqda.
Mutasaddilar tomonidan Homid otaga o‘n uch turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va pul mablag‘i hamda bayram sovg‘asi berildi.
Zarif Komilov,
O‘zA