Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokimning qarori bo‘yicha da’vo arizalari tayyorlanmoqda
10:50 / 2022-06-27

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 oktyabrdagi «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermer xo‘jaliklari manfaatlarini ko‘zlab sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ularning mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar taqdim etish mumkinligi belgilangan.

Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermerlarimiz bilan tezkor muloqot o‘rnatish, muammolarini aniqlash va huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda “FERMER MINBARI” telegram guruhини tashkil etgan edi. O‘tgan qisqa vaqt davomida mazkur guruhga ko‘plab murojaatlar, shikoyatlar va savollar kelib tushdi. Ulardan biri Payariqlik fermerlarning shikoyati bo‘lib, unda Payariq tumandagi «Yashil diyor» MMTP hududidagi bir guruh fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari Payariq tuman hokimining qarori bilan noqonuniy ravishda “Samarqand Cotton Cluster SCC” MCHJ klaster korxonasiga olib berilganligi bayon qilingan.

Ushbu holat O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Payariq tumandagi «Yashil diyor» MMTP hududidagi bir guruh fermer xo‘jaliklari, jumladan «Islomjon agroservis», «Tog‘dagi lolazor», «Madina Mirishkor dalasi», «Samad tirkash dalasi» va «Guliston serquyosh dalasi» fermer xo‘jaliklarining paxta-g‘allachilik yo‘nalishida yer maydonlari Payariq tuman hokimining 2019 yilning 25 yanvardagi 294-K-son qarori bilan noqonuniy ravishda “Samarqand Cotton Cluster SCC” MCHJ klaster korxonasiga olib berilgan.

Payariq tuman hokimining ushbu qarori qabul qilingunga qadar yuqorida nomlari ko‘rsatilgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarining yer ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida yozma ravishda rozilik arizalari olinmaganligi va tuman hokimligi bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor qilinmaganligi aniqlangan. Vaholanki, Yer kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaligining yer maydoni yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda yoki sud qaroriga ko‘ra olib qo‘yilishi mumkin.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tuman bo‘limi 2022 yilning 24 iyun kuni Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga «Islomjon agroservis», «Tog‘dagi lolazor», «Madina Mirishkor dalasi», «Samad tirkash dalasi» va «Guliston serquyosh dalasi» kabi fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini “Samarqand Cotton Cluster SCC” MCHJga ajratib berish haqidagi Payariq tuman hokimining 2019 yil 25 yanvardagi 294-K-sonli qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida da’vo arizalari kiritdi.

Hozirda Payariq tumanidagi yana 10 nafar fermer xo‘jaligining yer maydonlarini “Samarqand Cotton Cluster SCC” MCHJga ajratib berish haqidagi Payariq tuman hokimining qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida da’vo arizalari tayyorlanmoqda.

Zafar Mustafaqulov,
O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari