Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hokimliklarning 61 ta vakolati o‘tkazilmoqda. Jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga qabul qilingan qonun hujjatlari, dasturlar ijrosini ta’minlash, ijro bilan bog‘liq boshqa vazifa va funksiyalarni o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari bir-biridan ajratilgani sababli amaldagi 9 ta kodeks va 69 ta qonunlarda nazarda tutilgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining vazifa va funksiyalari “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasida qayta taqsimlanyapti.
Bu haqda parlament quyi palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasining muhokamalarida aytib o‘tildi.

Deputat Ruslan Sobirovning qayd etganidek, deputatlar taklifi bilan mahalliy darajada botanika va dam olish bog‘larini tashkil qilish hamda hududiy dasturlarni tasdiqlash va ijrosini nazorat qilish vakolatlari mahalliy Kengashlarga o‘tkazilyapti. Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan normalar mahalliy davlat hokimiyati organlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilishga oid dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha vakolatlari yanada kengayishiga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA