O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari boshqaruv xodimlarining mehnatiga haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining lavozim maoshi yagona tamoyil asosida mehnatga haq to‘lashning yangilangan tarif setkasi hamda ko‘p yillik xizmati va lavozimi inobatga olgan holda tabaqalashgan tarif koeffitsiyentlari asosida shakllantiriladi.
Rag‘batlantirish to‘lovlari boshqaruv xodimlari tomonidan erishilgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida har oylik ustamalar, malaka (martaba) darajalari uchun va hisobot davri yakunlari bo‘yicha rag‘batlantirish to‘lovlari shaklida to‘lanadi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) lavozim maoshi;
b) eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishganligi uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar;
v) malaka (martaba) darajalari uchun to‘lovlar;
g) mukofotlash hamda bonus to‘lovlari.
Farmon bilan:
a) Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tarif setkasi razryadlari;
b) Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tarif koeffitsiyentlari;
v) Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlariga faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishganligi uchun beriladigan lavozim maoshiga har oylik ustamalar miqdori;
g) Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlariga davlat fuqarolik xizmati malaka darajalari uchun lavozim maoshiga qo‘shimcha to‘lovlar miqdori;
d) Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) tasdiqlashda foydalaniladigan ko‘rsatkichlarning namunaviy ro‘yxati tasdiqlandi.
O‘zA