Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokimliklar tadbirlarni moliyalashtirishga oid ma’lumotlarni ochiq e’lon qiladi
11:48 / 2023-07-13

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlari hamda “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirishi nazarda tutilmoqda.    

Deputatlarning fikricha qonun loyihasining qabul qilinishi, moliyaviy nazoratni takomillashtirish, byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi. Moddama-modda qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.  

Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda  

Kun tartibidagi navbatdagi masala — “Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.  

— Mamlakatimizda soliq yukini kamaytirish, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga soliq imtiyozlarini berish, soliq to‘lovchilarga yengilliklar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, — dedi deputat J.Ergashev. — Soliq siyosatini takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirishga oid normalarning qonunlarda aks etgani tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishiga keng yo‘l ochib berdi. Ushbu qonun loyihasi bilan Soliq kodeksining ayrim moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. 

Xususan, Kodeksning 461 va 462-moddalariga o‘zgartirishlar kiritish orqali tadbirkorlik sub’ektlarining bo‘sh turgan binolari, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, shuningdek, qurilishi tugallanmagan ob’ektlariga nisbatan soliq stavkasini oshirish tarzidagi ta’sir choralari qo‘llanilmasligi munosabati bilan ushbu toifadagi soliq to‘lovchilarni majburiy tarzda qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tkazish amaliyoti bekor qilinmoqda. 

Shuningdek, 2025 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda esa elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlari ob’ektlari va ular egallagan yer uchastkalari bo‘yicha mol-mulk va yer soliqlarini hisoblangan summadan 1 foiz, ijtimoiy soliqni ham 1 foizli stavka bo‘yicha to‘lashi nazarda tutilyapti. Bunda mazkur imtiyoz elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlarida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini amalga oshirishdan olingan daromadlari joriy hisobot (soliq) davri yakunlari bo‘yicha jami daromadning kamida 60 foizini tashkil qilganda tatbiq etiladi.  

Qonun loyihasi bilan 2024 yil 1 yanvargacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslar yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda belgilangan yer solig‘i stavkalarini uch karrali stavkada soliq hisoblash tartibi to‘xtatib turilishi taklif etilmoqda, — dedi deputat.  

Deputatlar qonun loyihasi muhokamalari davomida bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Qizg‘in muhokamalar, savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.    

Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari qo‘llanadi  

Majlisda deputatlar “Hududlarni va ayrim sohalarni rivojlantirish hamda insofli soliq to‘lovchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ham qizg‘in muhokama qildi.  

Unga ko‘ra, tuman va shaharlarda ularning toifasidan kelib chiqib, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan soliq imtiyozlari va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralarini qo‘llash nazarda tutilmoqda. Jumladan, qonun loyihasi bilan respublika hududlarining to‘rtinchi toifasiga (40 ta tuman) kiritilgan tumanlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni 3 foiz stavkada, mol-mulk solig‘i belgilangan eng kam qiymatiga va yer solig‘ining bazaviy stavkalariga 0,3 miqdorida, yakka tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliqni 0,5 miqdorida kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda to‘lash tartibi joriy qilish taklif qilinmoqda.  

Shuningdek, respublika hududlarining beshinchi toifasiga (20 ta tuman) kiritilgan tumanlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlar foyda, aylanmadan olinadigan va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida, mol-mulk va yer solig‘ini hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida to‘laydi. Yakka tadbirkorlarni qat’iy belgilangan soliqni to‘lashdan ozod etish ko‘zda tutilmoqda.  

Shu bilan birga, mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, elektromobillardan foydalanishni ommalashtirish uchun soliq qonunchiligiga elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini tashkil qilgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rag‘batlantiruvchi normalar kiritilyapti. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi respublika tuman va shaharlarni ularning toifalaridan kelib chiqib rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishga xizmat qiladi.  

Majlisda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.    

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA