Prezidentning regulation.gov.uzda e’lon qilingan «Tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili,
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolarini hal etish samaradorligini yanada oshirish maqsadida Tadbirkorlar kengashi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari huzurida Tadbirkorlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, uning Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari hamda mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari respublika komissiyasi va kengash ishchi organlari etib belgilanadi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi O‘zbekiston qonunlari, O‘zbekiston prezidenti farmon, qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi ta’minlanishini monitoring qilish, tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi holatini va uning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tizimini tahlil qilish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish zaruriyatini ko‘rib chiqish hamda tadbirkorlik sub’ektlari infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish Respublika komissiyasi faoliyatining yo‘nalishlari etib belgilanadi.
Shuningdek, Respublika komissiyasi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va eksportni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi. Tadbirkorlarni huquqiy himoya qilishga ko‘maklashish, tadbirkorlik sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha berilgan taklif va tavsiyalarni qonunchilik tashabbusiga ega bo‘lgan sub’ektlarga kiritadi.
Quyidagilar kengashning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi qonunlar, prezident farmon, qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosini amalga oshirish;
tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularni respublika komissiyasiga taqdim etib borish;
hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish sohasida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilari hamda boshqaruv vertikal tizimi asosida davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlash;
hokim yordamchilari, davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini tadbirkorlarga yetkazish;
kengash majlislarini tashkil etish va unda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish sohasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hokim yordamchilari, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining axborotlarini eshitish.
Kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi. Kengashga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hokimlari raislik qiladi hamda Kengashning faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan javobgar hisoblanadi.
O‘zA