Hokimliklar huzurida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armalari tashkil etiladi
Bu haqda davlatimiz rahbarining joriy yil 21 yanvardagi "Respublika hududlarida tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilab qo‘yildi.
Jamg‘armalarni shakllantirishning asosiy manbasi yerni xususiylashtirishdan va yerni ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar hisoblanadi.
Jamg‘armalar mablag‘lari “Yangi O‘zbekiston” davlat uy-joy dasturlaridagi massivlarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya bilan ta’minlash, 200 milliard so‘mdan oshadigan, investorning o‘z mablag‘lari 25 foizdan kam bo‘lmagan, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash va aholi punktlari bosh rejalari, hududlarning ma’muriy-rejalashtiruv topshiriqlari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishga yo‘naltiriladi.
Farmon bilan shuningdek, Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi tugatildi.
O‘zA