Davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va javobgarlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda bu borada korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida izchil va tizimli islohotlar amalga oshirildi.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomidir.

Qonunda hukumat a’zoligiga taqdim etilgan shaxslar va hokim lavozimiga nomzodlar endi o‘z faoliyat dasturlari bilan bir qatorda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejalarini ham taqdim etishi shart etib belgilanmoqda. Bu esa rahbar kadrlarning mas’uliyatini oshirishga va halollik tamoyillariga sodiqligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar doirasida da’volarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish imkoniyatlarining kengaytirilishi fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish jarayonini yanada yengillashtiradi.

Qonunda investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan normalar ham alohida o‘rin egallagan. Xususan, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarida yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklar bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining sudga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish huquqi belgilanishi davlat manfaatlarini samarali himoya qilishda muhim qadam sifatida baholanadi.
Muhokamalar davomida qonunni ishlab chiqish jarayonida bir qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgani, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha alohida reja taqdim etish talabi xalqaro amaliyotga to‘liq mos kelishi ta’kidlab o‘tildi.
Senatorlar ma’qullagan qonun xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlashga, sud tizimi samaradorligini oshirishga hamda investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA