Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokimlikka bilimli va halol kadrlar tanlab olinadi
15:58 / 2022-08-08

O‘tgan hafta Prezidentimiz raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlat xizmatini xalqni rozi qiladigan tizimga aylantirish, rahbarlarni tayyorlash va tanlash, doimiy ravishda ularning malakasini oshirib borish yuzasidan vazifalar belgilandi. 

Davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etilishi, tajriba tariqasida Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdan o‘tkazilgan mazkur tizim ijobiy natija bergani ta’kidlandi. Yil yakunigacha barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtirilishi, nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati ochiq tanlov orqali aniqlanishi qayd etildi. 

 – Izchil taraqqiyot, adolatli jamiyat va samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratishni maqsad qilgan har qanday mamlakat birinchi navbatda zamon talabini anglagan, bilimli va tashabbuskor yosh kadrlar avlodini shakllantirishga e’tibor qaratadi, – deydi Samarqand viloyati hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev. 

– Bunday kadrlar boshqaruvda davlat va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘ladi. Davlat boshqaruvida xalq manfaatini asosiy o‘ringa qo‘yib mehnat qiladi. Uzoq istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga intiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining tashkil etilishi davlat fuqarolik xizmatiga eng munosib kadrlarni tanlov asosida saralab olishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.  

Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi. Bizda mazkur tizim tajriba sifatida oldinroq boshlangani sababi 2021 yil 19 mayda viloyat hokimining “Viloyat, tuman (shahar)lar hokimliklari boshqaruv apparatiga kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.  

Mazkur qaror bilan viloyat hokimligi boshqaruv apparatining vakant lavozimlariga tanlov o‘tkazish tartibi hamda tanlov o‘tkazish bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlandi va 2021 yilning 1 iyulidan e’tiboran xodimlar faqat ochiq mustaqil tanlov asosida davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali – orqali ishga qabul qilinmoqda. Buning uchun boshqaruv apparatidagi tegishli lavozimlarga malaka talablari belgilandi. Bu talablar asosan zamonaviy fikrlay olish, davlat tili va bitta chet tilni yaxshi bilish, kompyuter dasturlaridan foydalanishdan iborat.

Faqat bugina esa, hokimlik o‘ziga tegishli idoralarni yosh mutaxassislar bilan ta’minlashning oqilona va barqaror tizimini shakllantirmoqda. Shu maqsadda, 2020 yilda Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari orasidan liderlik va rahbarlik qobiliyatiga ega bo‘lgan 331 nafar yigit-qiz amaldagi mezonlar orqali tanlanib, viloyat hokimligining kadrlar zaxirasiga olingan edi. 

Ular bilan o‘tkazilgan uchrashuv va seminarlar chog‘ida yoshlar iqtidori baholandi. Natijada, bu yigit-qizlarning 229 nafari ishga joylashtirildi 83 nafari ta’limning keyingi bosqichida o‘qishni davom ettirmoqda. Xuddi shunday o‘tgan yil oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari orasidan 517 nafar iqtidorli yoshlar hokimlik zaxirasiga olingan edi. Hozirda bu yoshlarning 322 nafari ishga joylashgan bo‘lsa, 108 nafari ta’limning keyingi bosqichlarida tahsil olmoqda. 

Bunday yondashuv o‘z samarasini bergani tufayli bu yil ham viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga murojaat qilib, eng iste’dodli, boshqaruvga layoqatli bitiruvchilarni “Samarqand kelajak javohirlari” istiqbolli kadrlar zaxirasiga olish uchun ular bilan birga ishladik. Belgilangan mezonlar asosida bitiruvchilar bilim va ko‘nikmasi baholanib, 520 nafar yoshlar viloyat hokimligi zaxirasiga olindi. Qisqa vaqt ichida ularning 184 nafari vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlarda qatnashib, ishga joylashdi. Yuz nafardan ortiq bitiruvchilar magistratura va ta’limning boshqa bosqichlarida o‘qishni davom ettirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Ular ham zaxira kadr sifatida doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.  

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil O‘zbekiston talabalari va yoshlari bilan uchrashuvda istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Kelajak liderlari” klublari tashkil etilishi kerakligini ta’kidlagan edi. Ushbu tashabbus asosida Samarqand viloyati hokimligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali hamkorligida “Kelajak liderlari” klubi tashkil etilgandi.  

– Viloyat hokimining bu haqidagi qarori bilan viloyatdagi faol va tashabbuskor yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga qiziqtirish, istiqbolli kadrlar seleksiyasi orqali joylarda yuqori malakali hamda yangi avlod kadrlari zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan klubning nizomi tasdiqlandi, – deya so‘zida davom etadi B.Rahmatullayev. – Klub a’zoligiga davlat fuqarolik xizmatiga qiziqishi bor va kelajakda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritish istagi bo‘lgan, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganishni istaydigan, liderlik qobiliyatiga ega, o‘qish va faoliyatida yutuqlarga erishgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hamda davlat organlari va tashkilotlarida ishlovchi 25-30 yoshdagi xodimlar tanlov asosida qabul qilinadi.

Tanlov har yili bir marta o‘tkaziladi va 50 nafar istiqbolli kadrlar saralab olinadi. Ana shu tashabbus jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilinib, qo‘llab-quvvatlangach, samarqandlik bir guruh faol talaba-qizlar “Samarqand ilmli qizlari” klubini tashkil etish istagini bildirdi. Bu tashabbus ham qo‘llab-quvvatlanib, mazkur klubga dastlab viloyatimizning ilmga chanqoq va liderlik qobiliyatiga ega 50 nafar qizlar qabul qilindi. Ikki yil davomida bu klub a’zolaridan ham ko‘pchiligi o‘qishni bitirib, davlat organlarida ish faoliyatini boshladi. Aslida, aksariyat g‘oya va tashabbuslar yoshlarning talabalik chog‘ida bildiriladi. Ayni shu vaqtda kimning nimaga layoqati borligi namoyon bo‘ladi. Shuning uchun biz boshqaruv organlariga kadrlarni ular talabalik vaqtidayoq aniqlab, zaxiraga olib, tayyorlab borishimiz zarur.  

bugungi kunda Samarqand viloyatidagi 600 dan ortiq davlat idoralarida 8818 nafar davlat xizmatchisi faoliyat ko‘rsatmoqda. Albatta, ular ham belgilangan sinov va tanlovlardan o‘tgan, o‘zini, bilim va malakasini ko‘rsatgan. Bugunga kelib, barcha kadrlar ochiq tanlov asosida qabul qilinmoqda. Bu esa eng munosib nomzodlarni tanlab olish imkoniyatini bermoqda. E’tibor bering, keyingi bir yarim yilda viloyatda mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ochiq tanlovlar o‘tkazilganda bir o‘ringa o‘rtacha 20 nafargacha nomzod to‘g‘ri keldi. Xususan, joriy yildan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yangidan tashkil etilgan yoshlar yetakchisi lavozimiga bir o‘ringa o‘rtacha 9 nafargacha nomzodlar hujjat topshirdi. 

Samarqand shahridagi Ahillik mahallasi yoshlar yetakchisi lavozimiga o‘tkazilgan tanlovda 57 nafar nomzod hujjat topshirgan. Bu ham davlat idoralariga ishga qabul qilishda ochiqlik va shaffoflik ta’minlanishi zarur degan tamoyilning amaliy isbotidir. Shahar va tuman hokimliklarida o‘tgan davr mobaynida 186 nafar yetuk zamonaviy fikrlaydigan kadrlar 5112 nafar talabgorlar orasidan saralab olindi. Yosh tarkibi bo‘yicha, bugungi kunda Samarqand shahar, Ishtixon va Oqdaryo tumanlari hokimliklarida xodimlarning o‘rtacha yoshi 33 yoshni Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligida 38 yoshni tashkil qilmoqda. 

Hech qachon hech bir idoraga, jumladan, davlat organlariga ham tayyor kadr kelmaydi. Har bir rahbar yoshlarning, bitiruvchi talabalarning ichiga kirib, ularning qiziqishlarini o‘rganishi, maqsad va rejalarini bilishi hamda kadrlarni tayyorlash va seleksiyasi bilan shug‘ullanishi zarur. Shu maqsadda davlatimiz rahbari yig‘ilishidan so‘ng tuman va shaharlar hokimliklarida zaxiraga olingan kadrlar bilan uchrashuvlar o‘tkazyapmiz. Bulung‘ur va Pastdarg‘om tumanlarida tashkil etilgan shunday tadbirlarda yoshlarga hokimlik va boshqa davlat organlaridagi bo‘sh ish joylari taklif qilindi. Shuningdek, ularning bilim va malakasini oshirish maqsadida zaxiraga olingan kadrlar tuman rahbarlariga biriktirildi.  

G‘.HASANOV, O‘zA