French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokimlarning qarori sudda nega bekor qilindi?
19:05 / 2021-03-17

Mahalliy hokimliklar, kadastr organlari va boshqa idoralar bilan amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, sudlarga kelib tushayotgan shikoyat va arizalarni kamaytirish va oldini olish borasida Farg‘ona viloyati ma’muriy sudlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Rishton tumanida bo‘lib o‘tgan seminar-trening bu boradagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlanib, unda viloyat va tumanlararo ma’muriy sudi raislari, sudyalari, viloyat sudlarining sudlov hay’atlari raislari, viloyat va tuman-shahar hokimliklari, viloyat adliya boshqarmasi, Kadastr agentligi Kadastrlar palatasi viloyat, tuman (shahar) filiallari, qurilish va arxitektura bo‘limlari vakillari ishtirok etdi.

Unda ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladigan ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid nizolar, xususan mahalliy davlat hokimiyati organlari, soliq, bojxona, kadastr idoralarining, davlat ijrochisining mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish, qarorlarini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ishlar yuzasidan viloyat ma’muriy sudi tomonidan tayyorlangan uslubiy qo‘llanmalar seminar ishtirokchilariga tarqatilib, o‘zaro fikr almashildi.

–Davlatimiz rahbari 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingani, bundan buyon ularning qaror qabul qilishida ochiqlikni ta’minlash zarurligini taqozo etmoqda, – deydi viloyat ma’muriy sudining raisi Doniyorxo‘ja Mahamatov. 

– Shu sababli, hokimlar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar qonunga asoslangan holda qabul qilinishi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega. Bu jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarining buzilishi, ular o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida turli idoralarda sarson bo‘lishlarini, sudlarga shikoyat va arizalarning kelib tushishini oldini olishga xizmat qiladi.

2020 yilda viloyatdagi ma’muriy sudlar tomonidan 174 ta hokimlarning qarorlari haqiqiy emas deb topilgan.

M. Sulaymonov, O‘zA