Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokimlarning qaror va farmoyishlarida 4 mingga yaqin qonun buzilish holatlari aniqlangan
18:35 / 2022-12-16

2021 yil 1 iyuldan boshlab “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqilgan hokim qarorlariga avtomatik tarzda raqam berilib, tizimda e’lon qilib borilmoqda.

Adliya vazirligi hamda “Uzinfocom” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul xodimlari tomonidan ishchi guruhlar tuzilib, joylarga chiqqan holda seminar-treninglar o‘tkazish orqali respublikamizning har bir hududida 11 mingdan ortiq davlat tashkilotlari “E-qaror” elektron tizimiga ulanishi ta’minlandi.  

Shu kungacha hokim qarorlarining yuzga yaqin namunalari tizimga joylashtirildi, avtomatik statistik tahlil qilish va barcha jarayonlarni adliya, prokuratura organlari tomonidan monitoring qilib borish imkoniyati yaratildi.  

Tizim yo‘lga qo‘yilishi natijasida respublika miqyosida hokimlik qarorlarini ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish elektron tarzda bir manzildan turib amalga oshirilmoqda. Tizimdan 24/7 rejimida va internet tarmog‘i mavjud bo‘lgan dunyoning istagan nuqtasidan foydalanish imkoniyati mavjud.  

Sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi natijasida hokimlik qarorlarini soxtalashtirishning oldi olindi. Hozirga qadar 270 mingdan ortiq hokim qarorlari birorta qog‘oz ishlatilmasdan elektron tarzda qabul qilindi. Natijada 1,2 million dona yoki 6 tonna qog‘oz tejaldi. Hokim qarorlarini ishlab chiqish va tegishli tashkilotlar bilan kelishishga ketadigan vaqt sezilarli darajada (25-30%) qisqardi. 

Qaror loyihalarini hokimga imzolash uchun yuridik xizmatni chetlab o‘tgan holda kiritish imkoniyati bartaraf etildi. Hokim qarorlari ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatildi (avval bunday imkoniyat bo‘lmagan).  

Yuqorida qayd etilgan hukumat qaroriga asosan hokimlik tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning monitoringini yuritish nafaqat adliya organlari tomonidan, balki prokuratura organlari tomonidan ham amalga oshiriladi.  

Xususan, adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va monitoringlar davomida 2,8 mingga yaqin hokimlik hujjatlari asossiz ravishda e’lon qilinmaganligi aniqlandi hamda ushbu qarorlarni tizim foydalanuvchilari uchun ochiq holatda bo‘lishi ta’minlandi.  

2,2 mingga yaqin foydalanilishi cheklangan axborotlarni o‘z ichiga olgan hokimlik hujjatlari asossiz ravishda e’lon qilinganligi aniqlandi hamda ushbu qarorlarni e’lon qilish yuzasidan cheklov o‘rnatildi.  

Joriy yilning 9 oyi davomida 3 ming 889 qonun buzilish holatlari aks etgan hokim qaror va farmoyishlari aniqlangan. Ulardan 3 ming 198 tasini bekor qilish va qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirish yuzasidan 1 ming 265 ta’sir chorasi ko‘rildi.  

Natijada hokimliklarning 2 ming 587 qarori bekor qilindi hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirildi, 97 nafar mas’ul xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.  

Huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun hududiy adliya organlariga taqdim etilgan hujjatlardan 3 ming 138 normativ tusdagi qarorlar loyihalarining 36 foizi qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas, deb topildi yoki rad qilindi.  

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda tizimdan foydalanuvchilardan kelib tushgan yuzdan ortiq takliflar asosida “E-qaror” elektron tizimi takomillashtirildi.  

Turli vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini “E-qaror” elektron tizimiga integratsiya qilinishi ta’minlandi (“Yerelektron”, “Regulation.gov.uz”, «Shaffof qurilish», «Kameral nazorat», «Notarius» axborot tizimlari shular jumlasidan). Mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 4 ming 343 ta normativ hujjat bekor qilindi.  

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining norma ijodkorligi faoliyati, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayoni, hokimlik hujjatlari namunalari, huquqni qo‘llashda uchrayotgan muammolar va unga yechimlar bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi hamda xizmatda foydalanish uchun barcha hokimliklarga yuborildi.  

Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, bu borada «Ye-qaror» elektron tizimi imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahalliy norma ijodkorligi sohasidagi erishilgan yutuq-kamchiliklar yuzasidan Adliya vazirligi binosida hokimliklar yuridik xizmati xodimlari uchun anjuman o‘tkazildi.  

Tadbirda qayd etilganidek, jamoatchilik vakillari va foydalanuvchilardan kelib tushgan takliflar asosida ochiqlik, shaffoflikni ta’minlash, tizimdan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida 2 dekabridan boshlab “E-qaror” elektron tizimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgani bois inson omili va aralashuvi kamayadi.  

Mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan huquqni qo‘llash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar hamda kelgusida bunday kamchiliklarning oldini olish masalalari bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.   

N.Abduraimova, O‘zA