Surxondaryo viloyatida Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga yangi rais saylanmoqda.
Xalq deputatlari Angor tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida ham mazkur masala ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Prezidentimiz shu yil 26 dekabr kuni Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy Kengashlar raislari lavozimlari bir-biridan ajratilgani kutilgan natijalarni berganini alohida qayd etib, bu tizim 2026 yil 1 yanvardan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yilishini, hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo o‘zgartirishni talab qilishini ta’kidlagan edi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 120-moddasida Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qilishi, viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida Xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emasligi belgilangan. Shunga muvofiq o‘tgan yil oktyabr oyida o‘tkazilgan saylovda yangidan shakllangan xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga avvalgidek hokimlar emas, deputatlar orasidan rais saylandi. Yangi yildan ushbu tartibni xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarida ham yo‘lga qo‘yish uchun viloyatdagi xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining sessiyalarida hokimlarning Kengashga raislik qilish vakolati tugatilib, deputatlar orasidan rais saylanmoqda. Yangi saylangan rais mahalliy Kengashga o‘zining doimiy ishidan ajralmagan holda rahbarlik qiladi.

Angor tuman Kengashi raisligiga saylangan 24-Karvon saylov okrugidan deputat Abdisalom Qo‘zimurodov ayni paytda Angor pedagogika ta’lim muassasasi direktori lavozimida mehnat qilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri