Joriy yil 20 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan Kadastr agentligining hududiy tuzilmalari faoliyatini tashkil etish Kadastr agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Hududiy boshqarma va bo‘limlar faoliyatini moliyalashtirish respublika byudjetidan amalga oshiriladi. Hududiy bo‘limlar, Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) filiallarining faoliyatiga hokimlar tomonidan aralashish yoki ta’sir o‘tkazish qat’iy taqiqlanadi.
2023 yil 1 iyulgacha Kadastr agentligi organlariga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni “E-ma’muriy ish” tizimi orqali elektron ko‘rib chiqish imkoni yaratiladi.
Qaror bilan Kadastr agentligi markaziy apparatida – Fazoviy ma’lumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi, Kadastr agentligining hududiy boshqarmalarida – chegara masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimi, Toshkent geodeziya va kartografiya kollejida – Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi, “Geoinnovatsiya markazi” DUK tuzilmasida – qiyoslash va kalibrlash laboratoriyasi, doktorantura faoliyati, Fazoviy ma’lumotlar sohasida standartlash boshqarmasi hamda Ilmiy tadqiqot faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tashkil etildi.
Yangi o‘zlashtirilgan yerlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi xulosasiga muvofiq viloyat hokimlari qaroriga asosan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiritiladi.
Shuningdek, qaror bilan 2023–2026 yillarda Kadastr agentligi faoliyatining asosiy prognoz ko‘rsatkichlari va uning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, agentlik 25 ming 169 gektar yer uchastkalarini o‘lchab, ularning elektron xaritalarini yaratadi.
O‘zA