Tuman va shaharlar hokimlaridan iborat delegatsiya Germaniya Federativ Respublikasida malaka oshirib qaytdi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar yildan yilga rivojlanmoqda. Buni mamlakatimizda Germaniya sarmoyasi ishtirokida 200 dan ziyod korxonalar faoliyat yuritayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Ularning 77 tasi yuz foiz nemis kapitali hisobiga tashkil etilgan. O‘zbekiston milliy banki Germaniyaning 57 ta banki bilan aloqa o‘rnatgan. Toshkent shahrida “Deutsche-bank”, “Commerzbank”, “Landesbank Baden-Württemberg” kabi banklarning vakolatxonalari ochilgan.
Ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ham keyingi yillarda sezilarli darajada oshmoqda. “MAN”, “Tyssenkrupp”, “BASF”, “Bosch”, “Knauf” va “Claas” kabi yirik kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Germaniya O‘zbekistonning import hamkorlaridan biri hisoblanadi. Yurtimiz eksport mahsulotlari bozorida Olmoniya eng yuqori 18-o‘rinni egallaydi.
Germaniya Federativ Respublikasiga vaqti-vaqti bilan O‘zbekiston davlat xizmatchilarining malakasini oshirish, tajriba almashish maqsadida o‘quv safarlari tashkil etilmoqda. Navbatdagi ana shunday tadbir Xanns Zaydel jamg‘armasi, Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamkorligida tuman va shahar hokimlari uchun Bavariya Federal yeriga tashkil etildi.
[gallery-18201]
Safardan maqsad Germaniya davlat fuqarolik xizmati, jumladan, mahalliy davlat boshqaruvi tizimi bilan yaqindan tanishishdir. Joriy yilning 30 iyunidan 7 iyul kuniga qadar davom etgan safarda Bavariyaning turli darajadagi mahalliy boshqaruv organlarida tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’lumki, Bavariyaning mahalliy boshqaruv tizimida eng kichik bo‘g‘in gemaynde hisoblanadi. Mamlakatimiz muqobilida gemaynde bizning mahallaga to‘g‘ri keladi, qamrovi esa biroz yirikroq. Ushbu nemis mahallalarining har birida o‘z boshqaruv apparati, byudjeti va boshqa resurslari mavjud. Mahalladagi tashkilotlar tomonidan to‘langan soliqlar va mahalliy yig‘imlar hisobiga “mahalla byudjeti” shakllanadi.
Gemaynde o‘z hududida turli masalalar, xususan, infrastruktura, investitsion muhit, yoshlar siyosati va yordamga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash kabi turli sohalarga mas’ul hisoblanadi. O‘z resurslari, tuman hamda viloyat tomonidan ajratilgan maqsadli ajratmalar hisobidan mahalliy ijtimoiy loyihalarni amalga oshiradi. Aholi muammolari joyida – mahallani o‘zida hal qilinadi.
Ta’kidlash kerak, har bir tashabbus, ijtimoiy ob’ekt qurilishi yoki tadbirlar mahalla aholisining bevosita ixtiyoriy ishtiroki, ya’ni volontyorlik asosida bajariladi. Volontyorlik nemis xalqi uchun sharafli faoliyat hisoblanib, evaziga hech qanday moliyaviy rag‘batlantirishni talab etmaydi.
Mamlakatimiz vakillari Bavariyaning turli darajadagi mahalliy boshqaruvi, jumladan, aholining o‘zini o‘zi boshqarish tizimini o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi. Germaniya va O‘zbekiston mahalliy boshqaruv tizimi, investitsiyalarni jalb qilish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, kommunikatsiya va qurilish sohalarida o‘zaro tajriba almashildi.
Delegatsiya a’zolari ishtirokidagi uchrashuvlarda kommunal masalalar, ichki xavfsizlik va sport, o‘zini-o‘zi boshqarish sohasida hamkorlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. O‘z o‘rnida delegatsiya vakillari tomonidan yurtimizning mahalliy boshqaruv tizimi va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, “mahalla yettiligi” tizimi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Kamola YUSUPOVA,
O‘zA