Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni mustahkamlash hamda vakillik organlarining ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Ushbu tashabbuslar mamlakatimizda ochiq, hisobdor va xalq manfaatlariga xizmat qiladigan boshqaruv tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar jamiyat hayotida yangi bosqichni boshlab berishi bilan e’tiborga molik. Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy Kengashlar raislari lavozimlarining ajratilgani mahalliy vakillik organlarining mustaqilligi va nufuzini sezilarli darajada oshirdi. Endi ushbu tizim 2026 yildan boshlab 208 ta tuman va shaharda ham joriy etilishi mahalliy davlat boshqaruvida yangi, samarali munosabatlar tizimini shakllantiradi.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, mazkur islohotlar ijro hokimiyatining mahalliy Kengashlarga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishni talab qiladi. Deputat so‘rovlari ijrosini har chorakda tahlil qilish, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuratura organlariga taqdimnoma kiritish amaliyoti mahalliy ijro idoralarining mas’uliyati va hisobdorligini yanada kuchaytiradi. Bu esa deputatlik nazoratini formal emas, balki amaliy mexanizmga aylantiradi.
Shuningdek, davlat xaridlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilish mumkin bo‘lgan holatlarni faqat qonun bilan belgilash tashabbusi ham ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu qarorlar mahalliy darajada adolatli raqobat muhitini shakllantirib, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishga keng yo‘l ochadi.
Murojaatnomada belgilangan ushbu vazifalar Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarni joylarda haqiqiy xalq “ovozi”ga aylantirish, qaror qabul qilish jarayonlarida fuqarolar fikrini keng inobatga olish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi.
Eng muhimi, bu islohotlar mahalliy darajada inson manfaatlari, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.
Ushbu tashabbuslarni mahalliy davlat hokimiyatini zamonaviy talablar asosida isloh qilish, fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish va demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida qo‘llab-quvvatlaymiz.
Sanjar Djabbarov,
Demokratik jarayonlarni tahlil
qilish markazi mas’ul xodimi