Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hokim yordamchisidan xayrli tashabbus
13:06 / 2021-12-24

Farg‘ona viloyatida “hokim yordamchilari” lavozimlari uchun 1 ming 924 nafar nomzod bilan suhbat o‘tkazilib, eng salohiyatli 1 ming 55 tasi tanlab olindi. Albatta, ularning o‘z oldiga qo‘ygan rejalari katta.

2022 yil 1 yanvaridan Bag‘dod tumanining “Dasht” mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi lavozimida ish boshlovchi Ulug‘bek Turg‘unboyev hududdagi yosh oila uchun yangi 3 xonali uy qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi.

Qariyb bir oyda qurib bitkazilgan uy o‘z egalariga foydalanish uchun topshirildi. Tuman hokimi Vosiljon Nazarov Ubaydaxon va Dilshodjon Jabborovlar oilasi uchun xayriya mablag‘lari evaziga qad rostlagan uyni borib ko‘rdi. Xonalarning har biriga yuqori estetik did va malaka bilan zeb berilgani, keng, yorug‘ hamda shinam ekani kishining e’tiborini tortadi.

– Ulug‘bekni o‘zimiz “topvoldik”, – dedi Vosiljon Nazarov yosh tadbirkorga nisbat berar ekan. Birinchi marta ko‘rishganimda, “apteka ochaman”, keyingi safar “issiqxona quraman” deb holi-jonimga qo‘ymagan. Qarasam ham tadbirkor, ham xalqning ichida yuribti. Undan-bundan eshitsam, bir o‘zi 50 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlagan. Tayyor kadr. Prezidentimiz “hokim yordamchisi” degan tizimni joriy qilganlari bejiz emasligiga yana bir marta amin bo‘ldim.

3-sektor rahbari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Hasanov tomonidan yosh oilaga davomli tarzda ijtimoiy-moddiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan Ubaydaxonning ham, turmush o‘rtog‘i Dilshodjonning ham bandligi ta’minlangan. Bu tomonda, mahalla jamoatchiligi, qo‘ni-qo‘shnilar ham qarab turgani yo‘q. Oilaning bugungidek quvonchli kuni ularni-da sevintirdi, albatta.

M. Sulaymonov, O‘zA